TOShKENT, 21 yanv - Sputnik. Bugun ko‘hna va navqiron Buxoro shahrida investitsiya dasturi asosida to‘liq ta’mirdan chiqarilgan Olimpiya zaxiralari kollejining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot-xizmati.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ishtirok etdi.
Marosimda Buxoro viloyatining chempion o‘quvchilari, faxriy sportchilar, kollej jamoasi, Buxoro viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu maskan endilikda yoshlarning o‘z iqtidor va imkoniyatlarini to‘liq namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar taqdim etishini alohida ta’kidladilar.
Kollejning badiiy gimnastika zalida gimnastika gilami ta’mirtalab ahvolda ekanligini ko‘rib, bu yerga vazirlik nomidan yangi gimnastika gilami sovg‘a qilindi. Sportchilar yangi gilam ustida o‘z mashg‘ulotlarini davom ettirishdi.