O‘runovning yoshi to‘g‘risida gapirgan rossiyalik murabbiy jarimaga tortildi

Rossiyalik murabbiy Sergey Yuran “Match Premyer” telekanaliga bergan intervyusida Oston O‘runov o‘z yoshini kichraytirganini asossiz iddao qilgan edi. Endi u aytgan gaplari uchun 3,4 ming dollar jarimaga to‘laydi.
Sputnik
TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. Rossiya futbol ittifoqi axloq qo‘mitasi “SKA-Xabarovsk” bosh murabbiyi Sergey Yuranni “Spartak” yarim himoyachisi, o‘zbekistonlik futbolchi Oston O‘runovning yoshi to‘g‘risida gapirgan gapi uchun jarimaga tortdi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.
“Sergey Nikolayevich Yuranni 250 ming rubl bilan jazolash to‘g‘risida qaror qabul qildik. Videoaloqada har ikki tomon ishtirok etdi – huquqshunoslar va Yuranning o‘zi. Agar uning e’tirozi bo‘lsa, apellyatsiya qo‘mitasiga shikoyat keltirishi mumkin”, - dedi qo‘mita rahbari Semon Andreyev.
“SKA-Xabarovsk” futbol klubi bosh murabbiyi, sobiq futbolchi Sergey Yuran “Match Premyer” telekanaliga bergan intervyusida Oston O‘runov o‘z yoshini kichraytirganini iddao qilgan edi.
O‘FA O‘runov to‘g‘risidagi ayblovi uchun rossiyalik murabbiyga chora ko‘rishga chaqirdi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi uning bayonotini asossiz va mas’uliyatsizlik deb hisoblashi hamda Oston O‘runovning yoshiga oid aytgan ayblovlari uchun aniq dalil-isbot keltirishini talab qilgan edi. Yurandan futbolchi, O‘FA hamda butun o‘zbek futboli jamoatchiligidan rasmiy ravishda uzr so‘rashini talab qilgan edi.
Shuningdek, assotsiatsiya Rossiya futbol ittifoqi (RFS) axloq qo‘mitasini ushbu holatni sinchkovlik bilan o‘rganishga hamda Oston O‘runovga, o‘z navbatida, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi obro‘siga putur yetkazadigan ayblov bilan chiqish qilgan Sergey Yuranga chora ko‘rishga chaqirgan edi.