TIV chetga chiqayotgan fuqarolardan soxta spravkalarga umid qilmaslikni so‘ramoqda

Qalbaki hujjatlar O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan vatandoshlarimizga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish jarayonini ham qiyinlashtirmoqda", - deyiladi vazirlik murojaatida.
Sputnik
TOShKENT, 19 yanv - Sputnik. Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti xorijiy mamlakatlarga borishni rejalashtirayotganlarga muhim iltimos bilan murojaat qilmoqda.
O‘zbekistonliklar soxta medspravka bilan Rossiyaga uchib borib, aeroportda qolib ketishdi
Vazirlik axborotiga ko‘ra, OAVlarda O‘zbekiston fuqarolarining chet el mamlakatlari xalqaro aeroportlariga borishlari bilan xorijda davolanish uchun kasallik to‘g‘risidagi soxta hujjatlarni hamda koronavirusni aniqlash uchun o‘tkazilgan PZR-test manfiy natijasi ko‘rsatilgan qalbaki ma’lumotnomalarni taqdim qilayotganliklariga oid holatlar haqidagi xabarlar tarqalmoqda.
"Mazkur holat hamurtlarimizning xorijiy mamlakat hududiga kiritilmasliklari uchun asos hisoblanadi. Shuningdek, qalbaki hujjatlar O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan vatandoshlarimizga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish jarayonini ham qiyinlashtirmoqda", - deyiladi vazirlik murojaatida.
Shu munosabat bilan Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti xorijiy mamlakatlarga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan begona shaxslarning qalbaki tibbiy ma’lumotnoma va boshqa hujjatlarni tayyorlab berishda "yordamlashish" borasidagi takliflariga ko‘nmasliklarini so‘rab qolgan.
Shu bilan birga, chet elga safarga chiqishdan oldin o‘sha mamlakatda joriy qilingan cheklov choralari va talablar bilan sinchiklab tanishib chiqishni tavsiya etgan.