O‘zbekiston IIV ikkinchi fuqarolikni olgan shaxslar borasida qo‘shimcha izoh berdi

Ma’lum qilinishicha, agarda shaxs boshqa davlat fuqaroligidan o‘z vaqtida voz kechmasa, undan O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilinishi haqida tilxat olinadi.
Sputnik
TOShKENT, 16 yanv - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi IIV vakili O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechmagan holda Rossiya pasportini olgan fuqarolar yuzasidan bergan ma’lumotlariga qo‘shimcha izoh berdi.
IIV O‘zbekiston fuqarolari ikkinchi davlat pasportini olishi holatida qonunbuzarlik ko‘rmadi
Ma’lum qilinishicha chet elga chiqib ketgan O‘zbekiston fuqarosi fuqarolikdan chiqmagan holda chegaradan chet davlat pasporti bilan kirib kelsa, uning faqat O‘zbekiston fuqaroligi tan olinadi.
Ammo bu – shaxsning doimiy ravishda ham O‘zbekiston, ham boshqa davlat fuqaroligida yurishi mumkinligini anglatmaydi. Ya’ni ichki ishlar organlari shaxsning boshqa davlat fuqaroligini olganini eshitishi yoki undagi boshqa davlat pasportini ko‘rishi hamon O‘zbekiston fuqaroligidan avtomatik tarzda chiqarib yuborish masalasini ko‘rmaydi.
Bunda, dastlab ushbu shaxsning rostdan ham boshqa davlat fuqaroligini olganiga tegishli tashkilotlar yordamida aniqlik kiritiladi. Shundan so‘ng, ushbu shaxsdan agarda boshqa davlat fuqaroligidan o‘z vaqtida voz kechmasa, O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilinishi haqida tilxat olinadi.
Bunda, shaxsga fuqarolik to‘g‘risidagi qonunchilik batafsil tushuntiriladi va chet el fuqaroligidan voz kechmaslik oqibatlaridan ogohlantiriladi.
Berilgan muddat davomida shaxs chet el fuqaroligidan voz kechmasa, uning O‘zbekiston fuqaroligi prezident farmoni bilan tugatiladi. Ushbu holatda shaxs hech qanday ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.