"Vaziyatni murakkablashtirmaylik": Otabekov tibbiy niqoblarni taqishda davom etishga chaqirdi

Hali dunyo hamjamiyatida kasallik qayd etilayotgan ekan, bir kunda 700 mingdan ortiq bemorlar qayd etilayotgan bir paytda, biz bu holatga e’tiborsiz bo‘lishimiz kerak emas, deydi Nurmat Otabekov.
Sputnik
TOShKENT, 16 yanv - Sputnik. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov jurnalistlarga bergan intervyusida hozirgi barqaror vaziyat – aldamchi ekanligi, fuqarolar vaziyatni murakkablashtirmaslik uchun koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi joriy etilgan profilaktik tadbirlarga amal qilishlari, jumladan, tibbiy niqoblardan foydalanishda davom etishlari zarurligini ta’kidladi.
Qanday niqob viruslardan yaxshiroq himoya qiladi?
"Vaziyatni murakkablashtirib yuborish o‘z qo‘limizda. Buni zinhor yoddan chiqarishimiz kerak emas. Negaki, koronavirus bo‘yicha belgilangan profilaktik tadbirlarni vaqtida amalga oshirmaslik yoki karantin tadbirlariga rioya etmaslik nechog‘lik jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini biz hayotimizda ikki marotaba sinab ko‘rdik", - dedi Otabekov va hozirda ko‘chalarda odamlar orasida niqoblarni taqishni butunlay unutganlar ko‘p uchrayotganiga, ijtimoiy masofaga amal qilinmayotganiga e’tibor qaratdi.
Otabekovga ko‘ra, fuqarolarda jamoat joylari, gavjum joylarga borish, tadbirlarni uyushtirishga intilish paydo bo‘layapti.
Rossiya vaksinalari yangi shtammga qarshi samarador — Rospotrebnadzor
"Albatta, vaziyatni to‘g‘ri tushunamiz, xalqimiz birmuncha zerikkan. Lekin eng asosiiy jihat - biz doka niqobni taqmaslik uchun emas, taqish uchun sabab qidirishimiz kerak bo‘ladi. Shundagina biz o‘ylagan maqsadimizga yetamiz. Vaziyat jilovdan chiqib ketsa, qolaversa, karantin va cheklov tadbirlari yana keskin kuchaytirilishiga majbur bo‘ladigan bo‘lsak, hayotimiz yana izdan chiqadi. yana qiyinchiliklarga ro‘baro kelishimiz mumkin", - deya ogohlantirdi epidemiolog.
Hali dunyo hamjamiyatida kasallik qayd etilayotgan ekan, bir kunda 700 mingdan ortiq bemorlar qayd etilayotgan bir paytda biz bu holatga e’tiborsiz bo‘lishimiz kerak emas, deb qo‘shimcha qildi Otabekov.
 
Nurmat Otabekovning fikricha, hozirgi barqarorlikni aldamchi barqarorlik sifatida qabul qilish kerak, albatta, bu olib borilayotgan mashaqqatli mehnat samarasi bo‘lsa-da, ammo vaziyatni izdan chiqarib yuborish ehtimoli borligini zinhor unutmaslik kerak.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar soni shu kungacha 78 mingga yaqinlashmoqda. Dunyo bo‘yicha virusni yuqtirgan bemorlar soni esa 93 milliondan oshgan.