O‘zavtosanoat transformatsiya qilinadi - prezident

Shavkat Mirziyoyev “O‘zavtosanoat”ni transformatsiya qilish, hamonbop avtomobillar va elektromobillar ishlab chiqarishga sarmoya kiritish vazifasini qo‘ydi.
Sputnik
TOShKENT, 13 yanv - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bugun bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “O‘zavtosanoat” faoliyatini hamda mashinasozlik tarmog‘ini transformatsiya qilish va sohada raqobatni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqildi.

Avtomobil sanoati transformatsiyasi

Xususan, respublikada olib borilayotgan davlat korxonalarini isloh qilish dasturi doirasida, xorijiy mutaxassislar ishtirokida “O‘zavtosanoat” faoliyatini transformatsiya qilish ofisini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.
Kompaniya ishi yurishmasa iste’molchi aybdormi? - deputat "O‘zavto"ga javob qaytardi
Ushbu jarayonlarda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi yetakchi bo‘lib, ishlarni muvofiqlashtiradi.
Ushbu yilning 1-iyuliga qadar tarmoq tarkibidagi 40 ta korxonani transformatsiya qilish boshlanadi. Raqobat muhitini rivojlantirish uchun kompaniya tarkibidagi ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan 23 ta korxonani xususiylashtirishga tayyorlash lozimligi qayd etildi.
“O‘zavtosanoat”ning asosiy faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan 14 ta tashkilotdagi ulushlarini sotuvga chiqarish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, avtomobillarni sanoat usulida yig‘ish, yiliga 50-60 mingta hamonbop avtomashina va elektromobillar ishlab chiqarishga investitsiya kiritish zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yilda Xorazmda kuzov detallarini tayyorlash korxonasi, Andijonda 4 ta, Navoiy viloyatida 2 ta mahalliylashtirish loyihalari ishga tushiriladi. Kooperatsiya platformasi doirasida 122 ta xususiy korxona ishtirokida yana 80 ta detal ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi. 

Mashinasozlik sanoati 

Undan tashqari yig‘ilishda, mashinasozlik sanoatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ushbu soha O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi yo‘nalishlaridan bo‘lib, sanoatdagi ulushi 11 %ni tashkil qiladi.
Qishloq xo‘jalik texnikasiga xizmat ko‘rsatish tizimi qayta tashkil qilinadi
Bugungi kunda bir qator kompaniyalar O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va investitsiyalar olib kirish istagini bildirmoqda. Barcha ishtirokchilar uchun bozor sharoitlarini bir xil qilish maqsadida prezident lokalizatsiya darajasidan kelib chiqib, ishlab chiqaruvchilar uchun bir xil sharoitlar joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi mashinasozligini isloh qilish masalasi ham atroflicha muhokama etildi. Tarmoqda iqtisodiy samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha vazifalar belgindi.
Mutasaddilarga korxonalarning bo‘sh yer maydonlarini optimallashtirish, texnikalar tannarxini 30 %gacha tushirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Hamonbop texnikalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shu yil yakunigacha ularning lokalizatsiyasini 30 foizga, kelgusi yilda esa kamida 45 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.