TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Bosh prokuratura Jizzaxda yangi qurilgan ko‘p qavatli bino qulab tushgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar qilishicha, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Natijada Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda yangi qurilgan ko‘p qavatli bino qulab tushgani xabar qilingan edi. Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan binoning qulab tushishi sabablarini o‘rganish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzilgan va ish olib bormoqda.