TOShKENT, 13 yanv - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti, Qurolli kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlar faxriylari, vatandoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29-yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tabrikladi.
"Ta’kidlash kerakki, milliy armiyamizning kuch-qudrati azmu shijoatli va har ishda yetuk salohiyatli harbiy xizmatchilarimizning, bag‘rikeng va olijanob xalqimizning birligi va hamjihatligidadir. Bu haqiqatni bugungi kunda har qachongidan ham chuqur his etmoqdamiz. Ishonchim komilki, ana shunday buyuk ma’naviy qudrat manbai bor ekan, el-yurtimizning tinch va osoyishta hayoti, Vatanimiz mustaqilligiga hech qanday yovuz kuch rahna sololmaydi, demokratik islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytara olmaydi", - deya ta’kidlanadi prezident tabrigida.
Mirziyoyev shuningdek, Qurolli Kuchlar saflarida xizmat qilayotgan qo‘rqmas va haqiqiy vatanparvar askar va ofitserlarning ota-onalariga, shuningdek, harbiy hayotning butun quvonch va tashvishlarini turmush o‘rtoqlari bilan baham ko‘rib kelayotgan mehribon va sabr toqatli rafiqalariga ulkan minnatdorlik bildirgan.
O‘zbekiston yetakchisi bundan to‘rt yil oldin mamlakatda harbiy qurilish sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha eng muhim va ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olinganini, shu asosda mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini aytgan.
O‘tgan qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha o‘ta muhim loyihalar amalga oshirildi, deya eslatgan prezident.
"Ana shunday sa’y-harakatlarimiz natijasida, bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari respublikamiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishning chinakam kafolati bo‘lmoqda. Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylandi", - deya qayd etgan Mirziyoyev.
Davlat rahbari jahonda mafkuraviy kurashlar keskin tus olayotgan, axborot makonida turli xavf-xatar va tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi sharoitda "barchamiz doimiy ogoh va sezgir, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishimiz kerak", deya ogohlikka da’vat etgan.
Ayniqsa, adashib, yot g‘oyalar ta’siriga tushgan shaxslar va ularning farzandlarida mafkuraviy immunitetni shakllantirish va ularni sog‘lom turmush tarziga, to‘g‘ri yo‘lga qaytarishda harbiy xizmatchilari davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi ishlarni yanada kuchaytirishi lozimligi ta’kidlangan.
Bugun dunyoning olis va yaqin mintaqalarida murakkab mojaro va to‘qnashuvlar davom etayotgan bir paytda O‘zbekistonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi ishlarni yanada samarali tashkil etish shart, deb hisoblaydi Mirziyoyev.
Xususan, O‘zbekiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash, bo‘linmalarni boshqarishda axborot texnologiyalarini keng qo‘llash, jangovar tayyorgarlik va kasbiy mahoratni oshirish – bundan keyin ham ustuvor vazifalarimiz bo‘lib qolishi aytilgan.
"Hech shubhasiz, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan ana shunday ezgu maqsad va marralarga erishishga, xalqimizning tinch mehnati, osoyishta hayotini, yurtimizning musaffo osmonini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga har tomonlama qodirmiz", - deya ishonch bildirgan Mirziyoyev o‘z tabrigida.