TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralar yakunlandi.
Uchrashuv tashabbuskori Vladimir Putin bo‘ldi, deb xabar bermoqda Kreml matbuot xizmati. Uch davlat hukumati vakillari mintaqaga oid dolzarb muammolarni to‘rt soat davomida muhokama qildilar.
Xususan, harbiy harakatlaridan zarar ko‘rgan tomonlar Tog‘li Qorabog‘dagi hududlar aholisiga yordam ko‘rsatish, shuningdek savdo-iqtisodiy va transport aloqalarini blokdan chiqarish va rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Putin Rossiya uch davlat va ularning xalqlarini bog‘lab turuvchi sheriklik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qadrlashini qayd etdi. Davlat rahbari, shuningdek, Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroning ziddiy tus olishi xalqaro terrorizm tarqalishi xavfini oshirish bilan tahdid solayotganini ta’kidladi.
Rossiya prezidenti erishilgan kelishuvlar sekin-asta hayotga tatbiq etilayotganini misol keltirdi: qochqinlar qaytmoqda, infratuzilma qayta tiklanmoqda, Rossiya tinchlikparvar kuchlari ishlashmoqda.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev uch tomonlama uchrashuvni foydali va sermahsul deb atadi. U boshqa qo‘shni davlatlar ham Kavkaz janubida transport infratuzilmasini yaratishda ishtirok etishiga umid bildirdi.
Aliyev, shuningdek, Ozarbayjon va Armaniston xalqlari o‘zaro yarashish uchun o‘zlarida iroda va donishmandlik topishlariga umid bildirdi. U hududiy mojaro o‘tmishda qolganini, Moskvada imzolangan bitim bu borada yakuniy chiziq tortganini ta’kidladi.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatlar o‘rtasida haligacha hal qilinishi kerak bo‘lgan ko‘plab masalalar borligini, xususan, harbiy asirlar bilan o‘zaro almashish masalasi borligini ta’kidladi. U, tomonlar ushbu va boshqa yo‘nalishlardagi masalalarni o‘rganishda davom etishlarini qo‘shimcha qildi.
Pashinyan, erishilgan kelishuvlar Qorabog‘da xavfsizlik bo‘yicha yirik kafolatlarga olib kelishi va mintaqaning iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirishga yordam beradi degan fikrga qo‘shildi.
Muzokaralar natijasida Putin, Aliyev va Pashinyan Qorabog‘dagi infratuzilma loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi qadamlar to‘g‘risida bayonot imzoladilar.
Bitimni amalga oshirish bo‘yicha reja yaqin orada uch davlat bosh vazir o‘rinbosarlari tomonidan taqdim etiladi.
Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro
Tog‘li Qorabog‘da tutashuv liniyasida holat sentabr oyi oxirida o‘tkir tus olgan edi. Birinchi bo‘lib kim o‘t ochgani, ma’lum emas, ammo Armaniston va Ozarbayjon tomonidan o‘zaro bir-birini o‘qqa tutish bo‘yicha ayblovlar yog‘ilgan edi.
Mintaqada tinchlikni to‘rtinchi urinishdan so‘ng va faqat Rossiya prezidenti Vladimir Putin aralashuvidan keyingina qayta tiklashga muvaffaq bo‘lindi. Tog‘li Qorabog‘da jangovar harakatlarning to‘liq to‘xtatilishi to‘g‘risidagi bitim 10-noyabrga o‘tar kechasi imzolangan edi.
Hujjatga ko‘ra, 2020-yil oxirigacha Armaniston egallab olingan hududlarni Ozarbayjonga qaytarishi, mamlakat harbiylari esa Tog‘li Qorabog‘ni tark etishlari kerak.
Rossiyalik tinchlikparvar kuchlar mojaro zonasida bo‘lib turibdi: ularning vazifasi - vaziyatni tartibga solish, qochqinlarga yordam berish, hududlarni minalardan tozalash va infratuzilmalarni tiklashdan iborat.