TOShKENT, 4 yanv — Sputnik. “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi” DUK direktori vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Shokirov UzIMEI tizimi joriy qilinishi sabablarini sanab o‘tdi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Shokirovning so‘zlariga ko‘ra, 2019-yil noyabrigacha aksariyat smartfonlar va boshqa turdagi mobil qurilmalar mamlakatda noqonuniy olib kirilgan. Boshqacha qilib aytganda, bu biznes yashirin iqtisodiyot yo‘nalishlaridan biri hisoblangan.
“O‘zbekistonda 2019-yil noyabriga qadar mobil qurilmalar kontrabandasi gullab-yashnagan. U olib kirilayotgan mahsulotlar umumiy hajmining 87 foiziga yetgan. Uyali aloqa kompaniyalari har yili millionlab yangi abonentlar haqida hisobot berardi, biroq respublika chegarasini rasmiy ravishda 50-60 ming dona telefon kesib o‘tardi. Aholi foydalayotgan qurilmalarning sifati, texnik kafolati va xavfsizligi masalalari haqida ko‘pchilik qayg‘urmasdi. Bu masalalarga e’tibor qaratish davr talabidir. Va bu UzIMEI tizimini yaratishning asosiy zaminlaridan biri bo‘ldi”, - dedi Shokirov.
Shokirov ma’lumotlariga qaraganda, UzIMEI tizimi joriy qilinishi bilan uch chorak mobaynida bir milliondan ortiq devays deklaratsiya qilingan.
“Shu bilan birga, biz erishgan yutuqlarimizda to‘xtab qolmoqchi emasmiz, har qanday innovatsion yechim kabi UzIMEI tizimi foydalanuvchilar foydasiga uzluksiz takomillashishi zarurligini yaxshi anglaymiz”, - dedi u.
Hukumat 2020-yil 31-dekabrdagi 828-sonli qarori bilan O‘zbekistonda foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Endilikda O‘zbekiston hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat’iy nazar, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun javobgar bo‘ladilar.
Agar mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI-kodi 2019-yil 1-noyabrgacha avtomatik ro‘yxatdan o‘tgan va bazaga kiritilgan bo‘lsa, uning boshqa slotidagi IMEI-kodi qurilma egasi tomonidan quyidagi harakatlar bajarilganidan so‘ng tizim operatori tomonidan 3 ish soati mobaynida bepul amalga oshiriladi.
- mobil qurilma egasining tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan shaxsan murojaat qilishi;
- IMEI kodining ushbu mobil qurilmaga haqiqiy ekanligini tasdiqlash (mobil qurilma klaviaturasida *#06# kodini yozib olingan IMEI kodining ekran tasvirini taqdim etish);
- anketa taqdim etish.
Agar 2019-yil 1-noyabrdan keyin arizaga asosan ro‘yxatga olingan bo‘lsa, jarayon 3 soat ish vaqtida to‘lov asosida amalga oshiriladi.
Chet el fuqarosi tomonidan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat qilish yo‘li bilan ro‘yxatga olinadi.
Bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona to‘lovlari to‘langandan so‘ng IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tkaziladi.