TOShKENT, 4 yanv - Sputnik. Bugun soat 6:59 da va 10:10 da "Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi"ga qarashli neft va gaz qazib chiqarish konlarini elektr energiyasi bilan ta’minlab turgan “Neftchi” podstansiyasidan chiquvchi L-Zevarda -1,2 elektr uzatish tarmoqlari rele himoyasidan o‘chgan, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati.
Natijada, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalariga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz soatiga 140-175 ming metr kubga qisqargan. Buning natijasida elektr energiyasi ta’minotida respublika hududlari bo‘ylab 600-800 MVtgacha cheklovlar kuzatilmoqda.
"Ushbu yuzaga kelgan nosozlik maxsus brigada tomonidan soat 12:15da bartaraf etilib, Zevarda, Janubiy Kemachi, Janubiy O‘rtabuloq, Dengizkul, Samontepa siquv kompressor stansiyalaridagi gaz xaydash agregatlari qayta ishga tushirilmoqda. Natijada magistral gaz quvurlariga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz sarfi qayta tiklana boshladi.
Yuzaga kelgan muammo bugun soat 23:00 ga qadar to‘liq bartaraf etiladi. Nosozlik sabablari tegishli mutaxassilar tomonidan aniqlanmoqda", - deyiladi vazirlik xabarida.
Idora keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘ragan.