TOShKENT, 3 yanv — Sputnik. Qamchiq dovonida 1 yanvarga o‘tar kechasi yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. YTH oqibatida ikki kishi qurbon bo‘ldi. Bu haqda Namangan viloyati IIB matbuot xizmati xabar qilmoqda.
YTH 31-dekabr kuni soat 23:00 larda A-373 Toshkent–O‘sh yo‘lining Pop tumani “Qo‘shminor” MFY hududidan o‘tuvchi 258-kilometrida sodir bo‘lgan. Toshkent—Qo‘qon yo‘nalishi bo‘yicha “Chevrolet Gentra” rusumli avtomashinasini boshqarib kelayotgan 24 yoshli fuqaro o‘zidan oldinda harakatlanib ketayotgan “Chevrolet Gentra” avtomashinasining orqa chap tomon qismiga urilib ketgan.
Natijada oldindagi “Chevrolet Gentra” avtomobili yo‘l chetiga chiqib ketib, qiyalikka ag‘darilib ketgan. Haydovchining avtomashina salonida bo‘lgan 1986-yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i va 2017-yilda tug‘ilgan qizi olgan tan jarohati oqibatida shifoxonada vafot etgan.
Ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Kun.uz nashrining aniqlik kiritishicha, YTH oqibatida vazir o‘rinbosarining rafiqasi va 3 yoshli qizi vafot etgan, amaldorning o‘zi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati nashrga ma’lum qilishicha, YTHga uchragan vazir o‘rinbosari Vohid Ahmadjonov bo‘lib, u shaxsiy avtomobilida harakatlangan va oilasi bilan Yangi yil bayramini nishonlash uchun vodiyga ketayotgan bo‘lgan.