O‘zbekistonda 1-yanvardan nimalar o‘zgaradi?

Yanvardan boshlab kam ta’minlangan oila a’zolariga vaqtinchalik ishlash uchun xorijga chiqayotganda mikroqarzlar berish tartibi joriy qilinadi
Sputnik
TOShKENT, 2 yanv - Sputnik. O‘zbekistonda 1-yanvardan nimalar o‘zgardi. Adliya vazirligining Huquqiy-axborot kanali shu haqda ma’lumot berdi.
Yanvar oyining birinchi sanasidan quyidagi o‘zgarishlar ro‘y beradi:
  • OTMga kirish test sinovlari mazmuni maktab dasturlariga moslashtiriladi;
  • Olis hududlarga ishlashga kelgan mutaxassislarga boshlang‘ich yordam puli va har oylik kompensatsiya beriladi;
  • Maktablarda Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etiladi;
  • Tizimli ravishda skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi;
  • Har yili tumanlar (shaharlar) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida umumta’lim muassasalarining reytingi tuziladi;
  • Tibbiyot xodimlari bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;
  • Aholi punktlari bosh rejalarining jamoat ekspertizasini amalga oshirish mexanizmi joriy etiladi;
  • Har bir tuman markazi va shaharlarda piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yo‘laklari”ni qurish ishlari boshlanadi;
  • Davlat ishtirokidagi 9 ta korxonada tajriba tariqasida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etiladi;
  • Shifokorlar uchun har 5-yilda malaka toifasini olish bo‘yicha majburiy attestatsiyadan o‘tish tartibi joriy etiladi;
  • Favqulodda vaziyatlar oqibatida yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan hujjatlarni tiklashda davlat boji va yig‘imlar undirilmaydi;
  • Elektr energiyasi to‘lovlarini o‘z vaqtida va to‘liq undirishni ta’minlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yiladi;
  • Sud majlislari ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib boriladi;
  • Tabiatga zarar yetkazganlik haqida xabar bergan shaxslarga pul mukofoti beriladi;
  • Yer balansi va uning hisoboti, tuman (shahar) yer kadastri daftari faqat Milliy geoaxborot tizimida yuritiladi;
  • Kam ta’minlangan oila a’zolariga vaqtinchalik ishlash uchun xorijga chiqayotganda mikroqarzlar berish tartibi joriy qilinadi;
  • Barcha auksion savdolari natijalari QR-kodni qo‘llash orqali rasmiylashtiriladi;
  • Fuqaro o‘ziga qulay tuman (shahar) ichki ishlar organlari yoki DXMga murojaat qilib vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatda turishi mumkin bo‘ladi.