TOShKENT, 1 yanv - Sputnik. Yangi yil ostonasida davlat rahbarlari o‘tgan yil yakunlariga to‘xtalib, istiqboldagi rejalarni belgilaydilar yoki shunchaki, xalqni ayyom bilan muborakbod etadilar.
Yangilanayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi prezidentlari o‘z fuqarolariga Yangi yil ostonasida qanday tilaklarni bildirishdi?
O‘zbekiston: milliy yuksalish poydevorini yaratishga qaratilgan ishlar qat’iy davom ettiriladi
Xalqlar do‘stligi - bu shunchaki oddiy gap emas. Aynan xalqlarning jipsligi, do‘stligi tufayli Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan G‘alaba qozonilgan. 2020-yilda ham dunyo mamlakatlari boshiga yopirilgan ofat - koronavirus pandemiyasi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, insonparvarlik tamoyillariga asoslangan hamkorlik naqadar muhimligini ko‘rsatib berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil ostonasida nuroniylar, xotin-qizlar, navqiron yoshlar bilan birgalikda ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘llar ekan, Yangi yilning asosiy vazifasi yurtda tinchlik va barqarorlikni, millatlar va elatlar o‘rtasidagi totuvlikni, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlash bo‘lishini qayd etdi.
Koronavirus pandemiyasi dunyo qatori O‘zbekiston uchun ham og‘ir va murakkab keldi. Mirziyoyev global inqiroz insoniyatni jiddiy sinovdan o‘tkazayotganini aytdi. "Ammo shunday murakkab vaziyatga qaramasdan, mard va olijanob O‘zbekiston xalqining matonati, fidokorona mehnati bilan barcha sohalarda katta o‘zgarishlar amalga oshirilgan", - dedi davlat rahbari.
2020 yil jamiyat ma’naviy-ma’rifiy hayotida ham muhim voqealarga boy bo‘lgani qayd etildi: xorijiy davlatlar, avvalo, yaqin qo‘shnilar bilan do‘stlik va hamkorlik yanada kuchaygan. O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgan.
2021 yil O‘zbekistonda "Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" deb e’lon qilingan. Shu bois, prezident ta’kidiga ko‘ra, yoshlar, xotin-qizlar, keksa kishilarning hayotiy manfaatlarini ta’minlash e’tibor markazida bo‘ladi. Sog‘liqni saqlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish masalalari yangi bosqichga ko‘tariladi.
Yangi yilda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda boshlagan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom ettiriladi.
Xalqning turmush farovonligini oshirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida ahamiyat beriladi.
2021 yilda davlat mustaqilligiga 30 yil to‘ladi. Prezident yana bir bor ushbu shonli sana munosib nishonlanishini ta’kidladi. Yangi O‘zbekistonni barpo etish, milliy yuksalish poydevorini yaratishga qaratilgan ulkan ishlar qat’iy davom ettiriladi, deb va’da berdi Mirziyoyev.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu yil Yangi yilga tabrik murojaatni ikki tilda: rus va o‘zbek tillarida yo‘lladi. Prezidentning ikki tildagi chiqishi o‘zbek segmentidagi jurnalistlar, bloger va faol foydalanuvchilar orasida turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Tojikiston: prezident xalqni elektr energiyasini tejashga va fidoyilik bilan mehnat qilishga chaqirdi
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon o‘z bayram murojaatini pandemiya oqibatlari haqidagi gaplar bilan boshladi. 2020-yil insoniyat tarixida eng murakkab davr sifatida muhrlanishini ta’kidladi. Rahmon koronavirus pandemiyasi milliondan ziyod insonlar hayotini olib ketganini, jahon iqtisodiyotiga qaqshatkich zarba berganini qo‘shimcha qildi. Ammo, Tojikiston o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli pandemiya oqibatlarini yumshatishga muvaffaq bo‘lgan.
2020 yilda mamlakat Hukumati mavjud resurslarni fuqarolarning munosib hayot kechirishlari uchun qulay sharoitlarni yaratishga yo‘naltirgan.
Tojikiston prezidenti ham O‘zbekiston prezidenti kabi 2021-yilda buyuk ayyom - mamlakat Mustaqilligining 30-yilligi nishonlanishiga e’tibor qaratdi.
"Ishonchim komilki, vatanparvar va doimo bunyodkorlik sari intilayotgan xalq ushbu tarixiy va taqdirli sanani tojik davlati uchun muhim yutuqlar bilan kutib oladi", - dedi Emomali Rahmon.
Tojikiston yetakchisi o‘z tabrik-murojaati davomida xalqni elektr-energiyasi bo‘yicha tejamkorlikka chaqirdi. "Mulk shaklidan qat’iy nazar har bir oila, har bir tashkilot va muassasa, har bir korxona va sexda qishda elektr energiyasidan tejamkor va oqilona foydalanishga ustuvor ahamiyat bering", - dedi yetakchi.
Tojikiston prezidenti qator mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar, shu jumladan BMTning yetakchi ekspertlari tahlillariga tayangan holda 2021-yilda sayyora miqyosida oziq-ovqat xavfsizligi nuqtayi nazaridan oxirgi 100-yilda eng murakkab yillardan biri bo‘lishini qayd etdi.
Shu bois, Rahmon, bahorgi ekin ishlariga hozirdan har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish lozimligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligi uchun sifatli urug‘lardan foydalanish masalalariga e’tibor qaratishga chaqirdi. Oziq-ovqat narxlari ko‘tarilib ketmasligi, mahsulotlar taqchilligi muammosiga duch kelmasligi uchun bu yil fidoyilik bilan mehnat qilishimiz lozim, dedi xalqqa murojaatida Tojikiston yetakchisi.
Qirg‘iziston: prezidenti v.b. o‘z xalqi oldida uzr so‘radi
Davlat rahbari vazifasini bajaruvchi Talant Mamitov Yangi yil murojaati bilan chiqish qilar ekan, yil murakkab kelganiga urg‘u berdi.
U shuningdek, qirg‘izistonliklardan pandemiya vaqtidagi voqealar va iqtisodiyotdagi pasayishlar uchun uzr so‘radi.
"Hech bir davlat pandemiyaga tayyor emasdi, shu jumladan biz ham", - dedi koronavirus tufayli o‘z yaqinlaridan judo bo‘lgan oilalarga hamdardlik izhor qilar ekan, Qirg‘iziston prezidenti v.b.
Mamitov yil murakkab kelganini qayd etdi. Mamlakat rahbari vazifasi bajaruvchisining fikricha, turli bahslar, kelishmovchiliklar, xalq namoyishlari faqat bu yil emas, balki o‘n yillik davomida sodir bo‘lib kelgan.
Ammo, hamma bitta narsani - gullab-yashnayotgan Qirg‘izistonni ko‘rishni istaydi, dedi Mamitov.
Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda 2020-yilda koronavirus infeksiyasidan 1 356 kishi qurbon bo‘lgan.
Turkmaniston: davlat - fuqarolar uchun
Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov turkmanistonliklarni Yangi yil bilan qutlar ekan, sharq taqvimiga murojaat qildi.
"Turkmanlarning sevimli jonivorlaridan biri bu sigirdir va bu bejiz emas, buning mazmuni shundaki, inson o‘zini boqadigan uy-hayvonlariga chin dildan munosabatda bo‘ladi. Sigir boquvchi oila ehtiyoj neligini bilmaydi, chunki u uyga boylik olib keladi. Shu sababli, Sigir yilisha farovonlik keltiradigan yil deb qaraladi", - dedi Berdimuhamedov.
2020 yil Berdimuhammedovning ta’kidlashicha, milliy iqtisodiyotda stabillikni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lingan.
Ayni vaqtda Turkmanistonda xalqaro ahamiyatga molik qator loyihalar amalga oshirilmoqda, bu loyihalar mamlakatni mintaqaviy va mintaqalararo transport-kommunikatsiya tizimining yangi muhim bo‘g‘iniga aylantiradi, deb qayd etdi Turkmaniston prezidenti.
Milliy parlamentning yangi, ikki palatali tizimiga o‘tish Turkmaniston huquqiy bazasini mustahkamlashi haqida to‘xtalindi.
Millatga Yangi yil murojaatida Turkmaniston prezidenti xalq sog‘lig‘i muhofazasi va baxtli hayotini ta’minlashda sport va jismoniy tarbiya katta ahamiyatga egaligini qayd etdi.
Berdimuhammedov Turkmanistonda yoshlarning munosib ta’lim olishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlar yaratilayotganiga e’tibor qaratdi. Turkmaniston yoshlarining zamonaviy kasblarni egallashi, raqamli texnologiyalarni o‘rganishi davlat siyosatining eng ustuvorliklaridan biri sanaladi.
Turkmaniston yetakchisi Yangi yildagi nutqida tashqi siyosatga ham yetarlicha ahamiyat qaratdi: Turkmaniston bu borada neytral-huquqiy maqomga tayanishini ta’kidlab o‘tdi.
2020 yilda Turkmaniston neytralitetining 25-yilligi keng nishonlandi.
Prezident Gurbanguli Berdimuhameov yangi yilda Turkmaniston mustaqilligi e’lon qilinganiga 30-yil to‘lishini esga oldi.
"Biz davlatimiz suveren rivojlanishining ushbu shonli sanasini tarixiy voqealar va bayram tantanalari bilan belgilab, keng nishonlaymiz", - dedi u.
Qozog‘iston: biz yangi chaqiriqlarga qarshi tura oldik!
Qozog‘iston prezidenti Kasim-Jomart Tokayev Yangi yil kirib kelishi arafasida yo‘llagan tabrigi avvalida 2020-yil eng og‘ir sinovlar, dramatik hodisalar sodir bo‘lgan yil sifatida tarixda qolishini qayd etdi.
Ammo, Tokayevning aytishicha, umumiy urinishlar bilan iqtisodni sinishdan saqlab qolishga muvaffaq bo‘lingan.
Ishlab-chiqarish qishloq xo‘jaligi sohalarida yaratuvchanlik salohiyati saqlab qolingan.
"Biz yangi chaqiriqlar hujumiga dosh berdik. Qat’iylik va hamjihatlikni namoyon etdik, eng qiyin sharoitlarda nafaqat kundalik vazifalarni hal qilish, balki mamlakatning izchil rivojlanishini ta’minladik. Shunday ekan, xalqimiz ushbu qiyin yilda erishgan yutuqlari bilan haqli ravishda faxrlanishi mumkin", - dedi Tokayev.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, qozog‘istonliklar shunchaki navbatdagi yangi yilga qadam qo‘ymayapti. Yangi dunyo, yangi davrga qadam qo‘yilmoqda. Mavjud barcha qiyinchiliklarga qaramay, Qozog‘iston kelajakka ishonch bilan qaramoqda va faqat oldinga harakatlanadi.