TOShKENT, 24 dek — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin boshqa mamlakatdagi hamkasblari bilan Rossiyada migrantlar yetishmasligi masalasini muhokama qiladi.
Bu haqda u Davlat kengashi strategik rivojlanish va milliy loyihalar kengashining qo‘shma yig‘ilishida ma’lum qildi.
Tatariston rahbari Rustam Minnixanov pandemiya tufayli joriy etilgan cheklovlar qurilishlarda ishchilar kuchi yetishmasligini keltirib chiqargani haqidagi masalani ko‘tardi. U Putindan hukumatga mehnat resurslari o‘ta taqchil bo‘lgan joylarga migrantlarni saralab kiritishni tashkil etish masalasini ishlab chiqishni topshirishni iltimos qildi.
“<...> bizga mehnat migrantlari keladigan mamlakatdagi hamkasblarim bilan buni muhokama qilaman”, - dedi Putin. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin ham davlat rahbaridan qurilishda ishchi kuchi yetishmasligi masalasini ko‘rib chiqishni iltimos qilgan edi.