Namanganda ikki yigit o‘g‘irlagan 16 yoshli qiz o‘zini mashinadan tashlab halok bo‘ldi

Ikki yigit qizning dugonasi bilan bog‘liq muhabbat mojarosi haqida gaplashib olishni va bu masalada yordami kerakligini aytishgan. Shundan so‘ng qizni “Damas” mashinasi o‘tqazib, uni o‘g‘irlab ketishgan.
Sputnik

TOShKENT, 24 dek — Sputnik. Namangan viloyatining Norin tumanida 16 yoshli qiz o‘zini harakatlanib ketayotgan avtomashinadan tashlab halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Xabar qilinishicha, joriy yil 20-dekabr kuni soat 23:30 larda Namangan viloyati Norin tumanida yashovchi 18 va 20 yoshli yigitlar oldindan jinoiy til biriktirib, mast holatda tumandagi “Changitma” mahallasidagi xonadonlarning birida ijarada yashab kelgan, asli uchqo‘rg‘onlik bo‘lgan 16 yoshli qizning oldiga borishgan. U bilan qizning dugonasiga bog‘liq muhabbat mojarosi haqida gaplashib olishni va bu masalada yordami kerakligini aytishgan. Shundan so‘ng yigitlar qizni “Damas” mashinasi o‘tqazib, uni o‘g‘irlab ketishgan.

Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarosi o‘g‘irlab ketildi

Qiz esa ulardan qutilish maqsadida yurib ketayotgan avtomashinaning eshigini ochib, o‘zini tashlab yuboradi.

Yigitlar avtomashinani to‘xtatadi va yigitlardan biri qizni yo‘l chetiga olib chiqadi. Bu vaqtda ikkinchi yigit o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “Damas” avtomobilida qo‘rqib qochib ketadi.

Yo‘ldan o‘tib ketayotgan “Lasetti” avtomashinasi haydovchisi qizni shifoxonaga olib borgan. Biroq ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramay qiz shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Aniqlanishicha, qiz o‘g‘irlab ketilgan xonadonda Uchqo‘rg‘on tumanidan ikki nafar, Norin tumanidan bir nafar qiz o‘qishga kirish uchun tayyorlov kurslarida o‘qish maqsadida bir yarim oydan buyon yashab kelgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan xavf ostida qoldirish) va 137-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan (og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan odam o‘g‘irlash) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.