TOShKENT, 23 dek — Sputnik. Toshkent shahri Bektemir tumanida ikki noma’lum shaxs 24 yoshli fuqaroni tunab ketdi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.
Hodisa “Compas” savdo markazining orqa tarafida sodir etilgan. Jinoyatchilar 24 yoshli Tohirjon A.ga nisbatan hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib, uning narxi 100 dollarlik “RedMI-5 Plus” telefoni va 500 dollarini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilishgan.
Tergov-tezkor tadbirlar natijasida 18 yoshli Akbarxo‘ja U., 23 yoshli Umid X. va farg‘onalik 34 yoshli Ruxsoraxon X.lar ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan.
Aniqlanishicha, fohishalik bilan shug‘ullanuvchi Ruxsoraxon X. mijoz sifatida kelgan fuqaro Tohirjon A. bilan gaplashib turgan vaqtida uning yonida telefon va pullari borligini ko‘radi. Keyin bu haqda yuqoridagi tanishlariga xabar beradi. Ular esa qorong‘u va ovloq joyda jabrlanuvchini tunab ketishadi.
Termizda ikki fohisha ayol chet ellikni tunab ketdi
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari (Talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Akbarxo‘ja U. va Umid X.larga nisbatan qamoqqa olish, fuqaro Ruxsoraxon X.ga esa munosib xulq atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.