SSV koronavirusning yangi shtammi xususida ma’lumot berdi

Dunyo ahlini tahlikaga solib turgan koronavirusning mutatsiyaga uchragan shtammi qanchalik xavfli, u infeksiyaning hozirgi shaklidan qanday farq qiladi?
Sputnik

TOShKENT, 23 dek — Sputnik. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusning shtammi haqida ma’lumot berdi.

Hozirda Buyuk Britaniya olimlari u yerda koronavirusning yangilangan shtammi tarqalayotgani haqida aytishmoqda. Ularning ta’kidlashicha,  bu turning avvalgi koronavirus infeksiyasiga nisbatan yuqumliligi 71 foiz bo‘lib, odatiy COVID-19ga qaraganda o‘ta yuqumlidir.

Dunyo mamlakatlari koronavirusning yangi turi sabab Britaniya bilan parvozlarni to‘xtatmoqda

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayevaning so‘zlariga ko‘ra, har qanday virus atrof-muhitga moslashish davrida mutatsiyaga uchraydi. Mutatsiyaning qanchalik keng ko‘lamda bo‘lishi virusning tarqaluvchanligi bilan bog‘liq, ya’ni kasallikni yuqtirgan har uchinchi, to‘rtinchi odamda bu virus mutatsiyasi kuzatiladi. Koronavirusning keng tarqalayotgan mutatsion shtammi sentabr oyida birinchi bor Buyuk Britaniyada aniqlangan, bugungi kunda 60 nafardan ortiq provinsiyada bu shtamm kuzatilayotgani haqida ma’lumotlar mavjud.

Olimlarni kuzatishi bo‘yicha COVID-19ning mazkur shtammi ko‘proq bolalar va yoshlarda aniqlanmoqda hamda kasallik belgilarida deyarli o‘zgarish yo‘q. Lekin bu shtamm aniqlanganiga xali ko‘p vaqt bo‘lmagani bois, kasallikning og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kechuvi haqida ma’lumotlar yetarli emas. Bu esa bizni yanada hushor bo‘lishga chorlaydi.

“Yangi shtamm tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki,  mutatsiyadan so‘ng virusning toj oqsillarida o‘zgarish bo‘lgan — bular virusning odam tanasi hujayralari qobig‘idan o‘tib, ichkariga kirishida kalit vazifasini o‘tovchi qismidir. Virus shu tojlar  orqali tana hujayrasi yuzasi bilan kontaktga kirishadi. Ishlab chiqilayotgan vaksinalar koronavirusning tashqi qobig‘i, ya’ni yog‘ kislotasi mavjud S-oqilli qobig‘iga ta’sir qiladi. Koronavirus mutatsiyaga uchrab, o‘z genetik shtammini o‘zgartirsa ham vaksinalar uning yangi shtammlariga ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risida Buyuk Britaniya va Rossiya olimlari ta’kidlab kelmoqda”, - deydi Sevara Ubaydullayeva.

Vaksina immun tizimini virusning turli tarkibiy qismlariga hujum qilish uchun tayyorlaydi, bu esa tojning muayan qismi mutatsiyaga uchrasa ham, vaksina samarasi saqlanib qolishini anglatadi. Dunyo olimlari virus vaksinaga qarshi tura oladigan mutantlarni keltirib chiqarsa, koronavirusga qarshi vaksinalarni kasallikka moslashtirib borish mumkinligi haqida aytishmoqda.

Britaniyada aniqlangan koronavirusning yangi mutatsiyasi dunyoni sarosimaga solmoqda

Mutaxassis ungacha kasallikdan himoyalanish uchun esa, doimiy ravishda karantin va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish kerakligini ta’kidladi.

Jumladan:

  • niqoblarni to‘g‘ri taqish va o‘z vaqtida almashtirish;
  • uydan tashqariga chiqqanda o‘zaro masofani saqlash;
  • qo‘llarni doim sovunlab yuvish yoki antiseptik vositalar bilan ishlov berish;
  • uyga qaytganda, oila a’zolari bilan ko‘rishishdan oldin kiyimlarni almashtirish, qo‘llarni sovunlab 20 soniyadan ko‘p yuvish, tomoq va burunni 3-martadan ortiq issiqroq suvda chayish, yuzlarni yuvish;
  • sog‘lom va ratsional ovqatlanish, meva sabzavotlarga boy ovqat maxsulotlarini iste’mol qilish (ovqat to‘liq termik ta’sirdan o‘tgan bo‘lishi kerak);
  • yengil jismoniy harakatlar bilan doimiy shug‘ullanish, nafas mashqlarini bajarish va asta-sekin jismoniy faollikni ko‘paytirib borish lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston bir necha davlatlar, jumladan, Buyuk Britaniya bilan ham aviaqatnovlarni vaqtincha to‘xtatgan edi.