O‘zbekiston qator davlatlar bilan xalqaro aviareyslarni to‘xtatmoqda

2021 yil 10-yanvarga qadar Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari fuqarolari O‘zbekistonga kiritilmaydi.
Sputnik

TOShKENT, 22 dek — Sputnik. O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi bayonoti e’lon qilindi.

Dunyo mamlakatlari koronavirusning yangi turi sabab Britaniya bilan parvozlarni to‘xtatmoqda

Ta’kidlanishicha, so‘nggi kunlarda ayrim xorijiy mamlakatlarda, xususan, Buyuk Britaniya, Italiya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasida yangi koronavirus infeksiyasi aniqlanish holatlari soni tubdan oshib ketib, epidemiologik vaziyat keskin yomonlashuvi kuzatilmoqda.

Ushbu mamlakatlardagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda aksariyat Yevropa va boshqa davlatlar tomonidan epidemiologik vaziyatni murakkablashtirmaslik maqsadida yuqoridagi davlatlar bilan xalqaro aviatashuvlarni cheklash bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Joriy yil 21-dekabr sanasidan 2021-yil 10-yanvarga qadar Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari bilan xalqaro aviareyslar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublikaga kirish) to‘xtatiladi.

Shu bilan birga, yuqorida keltirilgan davlatlari fuqarolari, ushbu davlatlarda doimiy istiqomat qiluvchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda so‘nggi 14 kun davomida mazkur davlatlarda bo‘lgan uchinchi davlat fuqarolari yuqoridagi cheklov amal qilgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasiga kiritilmasligi belgilandi.

Davlat tashkilotlariga korporativ bayram tadbirlarini o‘tkazish taqiqlandi

Shuningdek, so‘nggi 14 kun davomida bqorida keltirilgan davlatlarida bo‘lgan holda uchinchi davlatlar orqali O‘zbekistonga kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 14 kun davomida vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasida yoki tegishli mehmonxonada karantinga olinishi belgilab qo‘yildi.

Mazkur joriy etilayotgan cheklovlar ushbu davlatlardagi epidemiologik vaziyat barqarorlashgani sari bosqichma-bosqich bekor qilib boriladi.

Respublika maxsus komissiyasi fuqarolardan karantin cheklovlariga qat’iy amal qilishni so‘rab qolgan. Shuningdek, yangi yilni oila davrasida kutib olish zarurligini yana bir bor eslatib o‘tgan.