TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Yana 132 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 76 180 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining: 5 nafari Qashqadaryo viloyatida, 20 nafari Toshkent viloyatida, 107 nafari Toshkent shahrida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Sog‘ayish ko‘rsatkichi
Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 73 460 nafarga yetdi. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 97 foiz.
Ayni paytda 2 108 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda. 169 nafari og‘ir, 33 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.
O‘lim holatlari
O‘zbekistonda jami 612 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
"London, gud-bay": 8 ta davlat bilan aviaparvoz to‘xtatildi
21 dekabr sanasidan 2021-yil 10-yanvarga qadar Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari bilan xalqaro aviareyslar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublikaga kirish) to‘xtatiladi.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari fuqarolari, ushbu davlatlarda doimiy istiqomat qiluvchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda so‘nggi 14 kun davomida mazkur davlatlarda bo‘lgan uchinchi davlat fuqarolari yuqoridagi cheklov amal qilgan davr mobaynida O‘zbekistonga kiritilmasligi belgilandi.
Shuningdek, so‘nggi 14 kun davomida Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlarida bo‘lgan holda uchinchi davlatlar orqali O‘zbekistonga kirib kelayotgan O‘zbekistonning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 14 kun davomida vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasida yoki tegishli mehmonxonada karantinga olinishi belgilab qo‘yildi.
Dunyo salomatligi
Dunyo bo‘ylab infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 77,4 milliondan oshdi, 1,7 milliondan ortiq kishi vafot etdi. Eng ko‘p holatlar AQShda (18,0 mln), Hindistonda (10,1 mln), Braziliyada (7,3 mln).