O‘zbekiston OTMlaridan biri Yevropada birinchi bo‘lib o‘z filialini ochdi

Toshkent davlat stomatologiya institutining filiali Ispaniyada ochiladi. Har ikkala oliy ta’lim muassasasi tomonidan yiliga 30 nafar pedagoglar dars mashg‘ulotlariga jalb etiladi.
Sputnik

TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Ispaniya Balear universitetining ADEMA stomatologiya ta’lim dargohida Toshkent davlat stomatologiya institutining filiali tashkil etiladi. O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining Yevropa davlatlaridagi ilk filiali hisoblanadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Mazkur kelishuvga Ispaniya SSV, Palma de Mayorka provinsiyasi rahbariyati, Balear universiteti vakillari hamda O‘zbekiston SSV va Toshkent davlat stomatologiya instituti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda erishildi.

Jizzaxda Rossiya tibbiyot universiteti filiali va klinikasi tashkil etiladi

Unga ko‘ra, har ikkala oliy ta’lim muassasasi tomonidan yiliga 30 nafar pedagoglar dars mashg‘ulotlariga jalb etilishi, stomatologiyaning oltita yo‘nalishi bo‘yicha ispaniyalik mutaxassislarni qayta tayyorlash va malaka oshirishi uchun kurslarda o‘qitishga kelishib olindi.

Shuningdek, anjumanda 2021-yildan 100 nafar ispaniyalik talaba stomatologiya yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kurslariga qabul qilinishi, ispaniyalik bemorlarga O‘zbekistondagi tibbiy turizm tizimi salohiyatidan foydalanishga sharoit yaratish kabi  bir qator masalalar ham belgilab olindi.

Ispaniyaning Balear universiteti 1978-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Balear hukumati tomonidan boshqariladi. Bugungi kunda 18 mingdan ortiq talabalar ijtimoiy-gumanitar, tibbiyot, stomatologiya, texnika, axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda ta’lim olmoqda. Universitet qoshidagi 7 ta ilmiy laboratoriyalarda biologiya, ekologiya, raqamli tibbiyot va genetika yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent davlat yuridik universitetining xorijdagi ilk fakulteti Tojikistonda ochilgani xabar qilingan edi.

Undan ilgari esa Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti O‘zbekistondagi xorijiy mamlakatlarda o‘z filialini tashkil etgan ilk oliy ta’lim muassasasiga aylangan edi. Institut Hindistonning Nyu-Dehli shahridan 20 km uzoqlikda joylashgan Noida xalqaro universiteti bazasida o‘z filialini tashkil etgan.