TOShKENT, 19 dek - Sputnik. Ikki viloyatda quyosh elektr stansiyalari qurilishi uchun investorlar aniqlanmoqda. 15 nafar investor Samarqand va Jizzax viloyatlarida har birining quvvati kamida 200 MVt bo‘lgan ikkita quyosh fotoelektr stansiyalari qurilishi loyihalari bo‘yicha tenderda g‘olib chiqish uchun bellashadi, deb xabar berdi Energetika vazirligi matbuot-xizmati.
Tender ishtirokchilaridan takliflar (qiymatga oid)ni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ushbu ikki Loyiha bo‘yicha mustaqil elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilari sifatida ikkita quyosh fotoelektr stansiyalarini loyihalashtirish, ishlab chiqish, moliyalashtirish, qurish va ishga tushirish bilan shug‘ullanuvchi g‘olib investorlar aniqlanadi.
Mazkur loyihalar O‘zbekiston Hukumatining yaqin 10-yil ichida quyosh elektr stansiyalari ulushini 5 GVt.gacha oshirish bo‘yicha energetika strategiyasiga kiritilgan.
Bu islohotlar doirasida Hukumat tomonidan kelishuvlar bo‘yicha yetakchi maslahatchi sifatida, quvvati 1000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari loyihalarini ishlab chiqish va tenderlar o‘tkazishda texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) jalb qilingan.
Qo‘shimcha sifatida shuni ma’lum qilamizki, 15 nafar investorni aniqlab olish uchun qator bosqichlar o‘tkazildi.
Joriy yilning 20-fevral kuni tender bosqichi start olib, unda potensial investorlar belgilangan talablarga muvofiq ishtirok etishga qiziqish bildirdi. Natijada 84 ta ariza kelib tushdi va bu haqida ommaviy ravishda joriy yilning 24-mart kuni e’lon qilindi.
Joriy yilning 29-iyun kuni tenderning "Talablarga muvofiqlik" bosqichi e’lon qilindi. Uning natijalariga ko‘ra, 3-dekabr kuni malaka bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan 15 ta xalqaro kompaniyaning "Ro‘yxati" taqdim etilib, ular tanlov (qiymatga oid) takliflar berish uchun "Takliflar so‘rovi"ga taklif etildi.
2021 yil aprel oyida Takliflar so‘rovi va qiymatga oid eng yaxshi taklif natijalari bo‘yicha g‘olib e’lon qilishi kutilmoqda. Loyiha kelishuvlari imzolanib, moliyaviy yopilishga erishilgach, 2022-yilga rejalashtirilgan elektr stansiyasi qurilishi boshlanadi.