TOShKENT, 18 dek - Sputnik. Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etildi.
Davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi sanasi munosabati bilan:
- O‘zbekiston poytaxtida “Istiqlol” majmuasi tashkil etiladi va u yerda mustaqilligimizning mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyatini aks ettiradigan yodgorlik kompozitsiyasi barpo etiladi;
- Toshkent shahrida barpo etilayotgan yer usti metro halqa yo‘li "O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz yilligi" deb nomlanadi;
- o‘tgan davrda erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston” kitob-albomi hamda har bir sohada amalga oshirilgan islohotlar natijalarini yoritib beruvchi kitob-albom va to‘plamlar nashr etiladi.