TOShKENT, 15 dek - Sputnik. Qonunchilik palatasi majlisida Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Hujjat bilan jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat qilganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi olib tashlanmoqda. Bu haqda o‘zining Telegram sahifasida deputat Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.
"Qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat qilganlik uchun mavjud bo‘lgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi bekor qilinib, o‘rniga jarima yoki majburiy jamoat ishi jazosi qo‘shilmoqda", - deyiladi xabarda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga va Jinoyat kodeksiga yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Pornografik mahsulotlarni tarqatish va shavqatsizlikni targ‘ib qilganlik uchun ham jarima miqdorlari oshirilmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan. Qonun loyihasi Senatga yuborilgan.