“Tonirovka” uchun ruxsatnomani onlayn olish imkoniyati yaratiladi

Hukumat qarori loyihasida belgilanishicha, 2021-yil 1-apreldan boshlab avtotransport vositalarining oynalarining tusini o‘zgartirganlik uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish faqat onlayn YaIDXP orqali amalga oshiriladi.
Sputnik

TOShKENT, 15 dek — Sputnik. O‘zbekistonda “tonirovka” uchun ruxsatnomani onlayn shaklda olish mumkin bo‘ladi.

Avtotransport vositalarining oynalarining tusini o‘zgartirganlik uchun onlayn tarzda ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlanmoqda.

Muhokamaga qo‘yilgan Hukumat qarori loyihasida belgilanishicha, 2021 yil 1-apreldan boshlab avtotransport vositalarining oynalarining tusini o‘zgartirganlik uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish faqat onlayn tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali amalga oshiriladi.

“Milliy tiklanish” tonirovkani bepul qilishni taklif qilmoqda

Ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatini olish uchun YaIDXP orqali murojaat etganda, davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘lanadigan summadan 90 foiz miqdorida to‘lanadi.

Davlat xizmati vakolatli organ tomonidan “Avtomototransport” avtomatlashtirilgan axborot tizimi vositasida ko‘rsatiladi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, avtotransport vositasi orqa oynasining tusini yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish), shuningdek, old oynasining tepa qismi tusini 14 sm.dan ko‘p bo‘lmagan polosa shaklida, yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

Ruxsatnoma bir yildan kam bo‘lmagan muddatga beriladi. Shuningdek, ruxsatnoma ariza beruvchining ixtiyoriga ko‘ra bir yildan ko‘p muddatga ham berilishi mumkin. Bunda, to‘lovlar mos ravishda har bir yil uchun alohida stavkalarda amalga oshiriladi.