Yunusoboddagi IIBB xodimlari va fuqarolar o‘rtasidagi janjal yuzasidan ma’lumot berildi

Internet tarmog‘ida fuqarolar va ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasidagi kelishmovchilik aks etgan video tarqaldi.
Sputnik

TOShKENT, 14 dek — Sputnik. Toshkent shahar IIBB Yunusobod tumanida organ xodimlari va fuqarolar o‘rtasidagi janjal aks etgan video yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 13-dekabr kuni taxminan soat 15.00 da Yunusobod tumani IIO FMB 5-son ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektorlari podpolkovnik Sh.A. va kapitan D. M. “Universam” savdo kompleksi yaqinidagi yer osti yo‘lagida noqonuniy savdo bilan shug‘ullanuvchi va bu bilan boshqa fuqarolar uchun noqulayliklar tug‘diruvchi shaxslarga nisbatan chora ko‘rish to‘g‘risidagi ko‘plab murojaatlardan so‘ng voqea joyiga yetib kelib, yer osti yo‘lagida savdo mollarini terib qo‘ygan ayol, erkak va yigitni ko‘rgan. Ular noqonuniy savdoni to‘xtatib, savdo mollarini yig‘ishtirish va yo‘lakni fuqarolar uchun bo‘shatishdan bosh tortishgan.

Toshkentdagi to‘ylardan birida havoga qarata “o‘q uzildi” – IIBB izohi

Savdo qoidalarini buzish uchun qonun bilan belgilangan javobgarlik to‘g‘risidagi ogohlantirishlarga ayol va erkak qo‘pol tarzda javob berib, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlarini aytgan. Bundan tashqari, ular janjal ko‘tarib atrofdagilarning e’tiborini tortishgan. Ularning o‘g‘li esa xizmat burchlarini ado etayotgan ichki ishlar organlari xodimlari bilan mushtlashmoqchi bo‘lgan.

Voqea joyiga patrul-post xizmati xodimlari yetib kelishganda ham yigit huquqbuzarlikni bas qilmasdan PPX xodimining yuziga urgan. Shu sababli xodimlar yigitning qo‘llariga kishan solishga majbur bo‘lishgan. Ularning shaxsini aniqlash va keyingi surishtiruvlar uchun IIBga olib ketilgan.

Huquqbuzarlar navoiylik 43 yoshli A. va 42 yoshli X.T. va ularning o‘g‘li 19 yoshli A.X. ekanligi aniqlandi.

Hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.