Tarmoqqa zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi videoni joylashtirganlik uchun jarima oshirilishi mumkin

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarga zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi videolarni joylashtirganlar 89,2 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 14 dek — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, jumladan, Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qildi. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar berdi.

Ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun yangi mobil ilovasi ishga tushirildi

Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi axborotni ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya yoki Internet tarmoqlariga joylashtirganlik uchun ham javobgarlikni belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning amaldagi tahririga ko‘ra, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish va namoyish etish harakatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan (11,1 mln so‘m) 100 baravarigacha (22,3 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 100 baravaridan (22,3 mln so‘m) 150 baravarigacha (33,4 mln so‘m)miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, bunday harakatlar uchun jarima miqdorini oshirish, fuqarolarga BHMning 50 baravaridan 400 baravarigacha(89,2 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 100 baravaridan 450 baravarigacha (100,3 mln so‘m) miqdorda jarima solish haqidagi meyorni kiritish taklif etilmoqda.