TOShKENT, 12 dek - Sputnik. O‘zbekistonga Rossiya Federatsiyasi Markaziy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni general-polkovnik Aleksandr Lapin boshchiligidagi harbiy delegatsiya tashrif buyurdi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.
Mudofaa vazirligida general-polkovnik Aleksandr Lapin O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasida harbiy sohaga oid o‘zaro hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanayotgani e’tirof etildi. Xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan va o‘zaro manfaatli harbiy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha fikrlar almashindi. Ikki davlat mudofaa idoralari mutaxassislari tomonidan turli yo‘nalishlarda tajriba almashish uchun muntazam ravishda amalga oshirilayotgan aloqalarning ahamiyati alohida qayd etildi.
Shundan so‘ng mehmonlar Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutiga tashrif buyurishdi. Harbiy institut professor-o‘qituvchilari, kursantlar hamda ofitserlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda general-polkovnik Aleksandr Lapin oliy harbiy ta’lim muassasasining zamonaviy qiyofasi va unda yaratilgan shart-sharoitlarni yuksak e’tirof etdi.
Harbiy delegatsiya a’zolari shu kuni Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizning Olmazor tumanida barpo etilgan "G‘alaba bog‘i" majmuasi va "Shon-sharaf" davlat muzeyida bo‘lib, O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi ulkan g‘alabaga qo‘shgan hissasi, matonati, fidoyiligi va yuksak insoniy tuyg‘ularini o‘zida aks ettiruvchi yaqin tariximizga oid osori-atiqalar bilan tanishishdi.
Mamlakat mintaqadagi tinchlikni saqlash, xalqaro terrorizmga qarshi kurash olib borish borasida xalqaro va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasida turli yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik qilib kelmoqda.
Ayni kunlarda Termiz poligonida O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari bilan hamkorlikdagi "Surxon-2020" o‘quv mashg‘ulotiga tayyorgarlik jarayoni davom etmoqda. Harbiy delegatsiya a’zolari hamkorlikdagi mazkur o‘quv mashg‘ulotini kuzatish uchun Termiz shahriga jo‘nab ketdilar.