TOShKENT, 9 dek — Sputnik. Hindistonning Andxra-Pradesh shtatidagi sirli noma’lum kasallikning avj olishiga qo‘rg‘oshin yoki nikeldan zaharlanish sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Ma’lum bo‘lishicha, yuqoridagi moddalar suv va sut tarkibida aniqlangan.
“Kasallikka aynan nima sabab bo‘lgani bo‘yicha batafsil axborot markaziy idoralar yakuniy xulosa berganidan so‘ng taqdim etiladi. Birinchi navdatda aniqlanganki, kasallanish sababi qo‘rg‘oshindir”, — dedi shtat rahbarining sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alla Kali Krishna Shrinivas. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.
Xabarda qo‘shimcha tadqiqotlar natijalari ham tez orada ma’lum bo‘lishi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda noma’lum kasallik sabab 350 nafardan ziyod kishi kasalxonaga tushgani va bir kishi vafot etgani xabar qilingan edi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, noma’lum kasallikka chalinganlar soni 505 kishiga yetgan. Shulardan 370 nafari tuzalib ketgan. Yana 120 kishi kasalxonalarda qolmoqda. Bundan tashqari, 19 kishi shtatning yirik Vijayavada va Guntura shaharlariga jiddiyroq tibbiy yordam olishi uchun yuborilgan.