TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Argentina terma jamoasidagi 1986-yilgi jahon chempioni, afsonaviy futbolchi Diyego Maradona har oyda 100 ming yevrodan ortiq mablag‘ sarflagan, deb xabar qildi Marca nashri América TV telekanaliga asosan.
Ma’lumki, bu mablag‘ har oyda argentinalik afsonaning shaxsiy hisob-raqamidan yechilib, futbolchining yaqin odamlariga o‘tkazib kelingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Maradona Argentina va undan tashqarida 50ga yaqin oilaga yordam berib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, 25-noyabr kuni, Argentina terma jamoasi sobiq hujumchisi, afsonaviy futbolchi Diyego Maradona 60 yoshida vafot etdi.
Uni so‘nggi marta 30-oktabrda omma orasida ko‘rishgan. U mamlakat chempionatining 1-turi "Ximnasiya va Esgrima" va "Patronato" (3:0) o‘rtasida kechgan, o‘zining 60-yilligiga bag‘ishlangan uchrashuvida ko‘rinish bergandi. Uchrashuv oldidan Maradonaga esdalik taxtachasi topshirilgan. Diyego matchni oxirigacha tomosha qilmagan, o‘zini yomon his qilayotganini aytib, ketgan.
Maradonaning sog‘ayishi alkogolizm va narkomaniya oqibatlari tufayli qiyinlashgan edi.
Klublar darajasidagi jahon chempioni Argentinaning “Argentinos Xuniors”, “Boka Xuniors”, “Nyuells Old Boyz”, Italiyaning “Napoli”, Ispaniyaning “Sevilya” va “Barcyelona” jamoalarida o‘ynagan.
O‘tgan haftada argentinaliklar afsonaviy futbolchi Diyego Maradona suratini 10 ming peso pul birligida tasvirlashni taklif qilgani haqida xabar berilgandi. Tashabbusni 15 mingdan ortiq kishi qo‘llab-quvvatladi. Pul birligining dizayni yaratildi. Kupuraning markazida Maradonaning yoshlikdagi portreti, orqa fonda esa u 1986-yilda yutib olgan Jahon kubogi tasvirlangan.