Fuqarolarni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi

O‘zbekiston fuqarolarini doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi.
Sputnik

TOShKENT, 7 dek — Sputnik. Ichki ishlar vazirligi “Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 28-avgustdagi PQ–3924-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2018-yil 22-oktabrdagi 845-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hukumat qarori loyihasini tayyorladi.

Pasport o‘rniga ID-karta

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Qoraqalpog‘iston Respublikasida va viloyatlarda doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibini belgilash maqsadida ishlab chiqilgan.

Qaror loyihasi bilan quyidagilar belgilanmoqda:

- fuqarolarni yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish masalasida, davlat xizmatini ichki ishlar organlariga bormasdan turib Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirish mexanizmi joriy etilmoqda.

Shuningdek, fuqarolar o‘zlariga qulay va yaqin bo‘lgan ichki ishlar organiga borib, doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga turishni rasmiylashtirish imkoniyati yaratilmoqda;

- fuqarolarga yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatni rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga ro‘yxatga olish shtampini bosish amaliyotidan voz kechilmoqda va bu jarayonlar raqamlashtirilmoqda;

- fuqarolarga doimiy ro‘yxatga turishni rasmiylashtirishda shtamp bosish amaliyotidan voz kechilmoqda;

- doimiy ro‘yxatga olishni rasmiylashtirishda avvalgi yashash joyidan mustaqil ro‘yxatdan chiqish tartibi bekor qilinmoqda;

- mulkdorning fuqaro doimiy ro‘yxatga olinganligini bekor qilish huquqi kiritilmoqda. Bunda, Uy-joy kodeksida belgilangan bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi asosida doimiy ro‘yxatga olingan fuqarolar istisno qilinmoqda;

- harbiy xizmatga majburlarning doimiy ro‘yxatini rasmiylashtirishdan oldin mudofaa ishlari bo‘limlariga harbiy hisobga turish uchun borish tartibi bekor qilinib, ushbu jarayonni idoralararo elektron ma’lumot almashinuvi dasturi orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yilmoqda.