Rossiyaning yuqori martabali amaldori ikki mamlakat oliy rahbariyati, jumladan, prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Tokayev bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralarning asosiy mavzusi - Moskvaning Nur-Sulton va Toshkent bilan munosabatlarini mustahkamlash, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatdagi sammitlarga tayyorgarlik ko‘rish. Xususan, 11-dekabr kuni Oliy Yevroosiyo Kengashining yig‘ilishi onlayn formatda bo‘lib o‘tadi.
“Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Rossiya ko‘p qirrali hamkorligi keyingi yillarda jadal sur’at bilan rivojlanayotgani, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi” deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, Dmitriy Kozak O‘zbekiston prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi va Vladimir Putin bilan rejalashtirilayotgan uchrashuv kun tartibini muhokama qildi. Tomonlar xalqaro siyosatning ayrim jihatlari yuzasidan ham fikr almashishdi.
Bo‘lajak oliy darajadagi muloqotlarning muzokaralar kun tartibining mazmuniga alohida e’tibor qaratildi: gap MDH davlatlari rahbarlarining joriy yil oktabridan qoldirilgan sammiti haqida ketmoqda.
Nur-Sultonda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev Dmitriy Kozakni qabul qildi. Uchrashuv davomida Qozog‘iston-Rossiya sherikligi va ittifoqchilikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Qozog‘iston rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, suhbatning muhim qismi siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek yaqinda bo‘lib o‘tadigan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishida Yevroosiyo integratsiyasi masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Qosim-Jomart Tokayev kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi bilan ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash ustuvor ahamiyatini ta’kidladi. Bundan tashqari, ikki davlat prezidentlari administratsiya o‘rtasidagi aloqalar va hamkorlikni rivojlantirish haqida kelishuvga erishildi.
Qozog‘iston poytaxtida RF prezidenti administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri Asqar Mamin, Qozog‘iston prezidenti administratsiyasi rahbari Yerlan Koshanov bilan muloqot qildi.
"Muzokaralar chog‘ida Rossiya-Qozog‘iston ittifoqchilik munosabatlarining hozirgi holati, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va KXShT, YeOII, MDH, ShHT doirasidagi integratsiya aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha mazmunli fikr almashildi", - deb ma’lum qildi Rossiyaning Qozog‘istondagi elchixonasi matbuot xizmati.
Strategik sheriklarning munosabatlari
Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 20-martda o‘rnatilgan.
Asosiy davlatlararo hujjatlar - ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan Davlatlararo munosabatlarning asoslari, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida shartnoma (1992), Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma (2004) va Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma (2005).
Ikki tomonlama munosabatlar - oliy va yuqori darajadagi muntazam uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Ikki tomonlama munosabatlar 2016-yil dekabrda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev saylangandan so‘ng, yangi sifat darajasiga ko‘tarildi. To‘rt yil davomida savdo va investitsiyalar hajmi ikki baravarga oshdi. Turli darajalardagi ikki tomonlama aloqalar jadallashdi - davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari, O‘zbekiston va Rossiya viloyat vakillarining ko‘plab tashriflari.
2017 yil aprel oyida Shavkat Mirziyoyev Moskvaga davlat tashrifi bilan keldi, uning yakunida qiymati 16 milliard dollardan ziyod 50 tadan ortiq hamkorlik hujjatlari imzolandi. 2018-yil kuzida Vladimir Putin O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Respublikada mintaqaviy va ta’lim forumlari o‘tkazildi. Bundan tashqari, ikki davlat rahbari tantanali tarzda keng ko‘lamli loyiha - O‘zbekiston hududida Markaziy Osiyoda birinchi atom elektr stansiyasini qurilishiga start berishdi.
Bundan tashqari, yaqinda O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga navbatdagi tashrifi kutilmoqda. Koronavirus pandemiyasi sababli tashrif sanasi bir necha marta qoldirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston integratsiya loyihalaridan chetda qolmayapti: MDH va ShHT faoliyatida faol ishtirok etishdan tashqari, Toshkent Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Respublikaning kuzatuvchi-davlat maqomini olish to‘g‘risidagi arizasi ittifoqning barcha a’zo-davlatlari tomonidan ma’qullandi. Yakuniy qaror 11-dekabr kuni YeOII Oliy Kengashining yig‘ilishida qabul qilinadi.