O‘zbek matbuotida senzura bormi? Asadjon Xodjayev jurnalistlar savollariga javob berdi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev O‘zbekistondagi OAV faoliyati borasida o‘z fikrlarini bildirdi
Sputnik

TOShKENT, 3 dek - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev bugun, 3-dekabr kuni "O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchiligida so‘z hamda matbuot erkinligi va O‘zbekistonda OAVni rivojlantirish jarayonlari" mavzusida o‘tkazilgan Xalqaro press-klubning navbatdagi davra suhbatidan so‘ng jurnalistlar savollariga javob berdi.

UzAuto Motorsning OAVga bosim o‘tkazilgani haqidagi bayonoti tasdiqlanmadi - AOKA

Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabari asosida.

Xususan, Xodjayev, oxirgi vaqtlarda ayrim OAVlarda aytilgan "O‘zbekistonda matbuotda tanqidiy fikrlarni cheklash" borasida buyruqlar bo‘layotgani haqidagi savolga javob berar ekan, bunday mish-mishlar asossizligini, aksincha, AOKAning OAVlarga qilingan so‘nggi murojaatlarida og‘riqli masalalarni yoritishda tanqidni yo‘q qilish yoki kamaytirish asnosida emas, balki masalaga xolislik asosida yondashish so‘ralganini qayd etdi.

"Nima uchun? Chunki energetika masalalarini ko‘taradigan bo‘lsa (jurnalistlar) sohada qanday muammolar bor, ular qanday yechim topayapti, uning muddatlari qanaqa - bularning barchasini xalqimizga aniq va ravshan qilib yetkazib berish kerak. Bu yerda hissiyotga berilib yoki ziddiyatni ko‘rsatgan holda, masalaning yechimi ko‘rsatilmasa, mutasaddilarga minbar berilmasa, bu muloqot emas, balki biroqlama noxolis axborot berish bo‘lib qoladi", - deya tushuntiradi AOKA rahbari.

Xodjayev shuningdek, O‘zbekistondagi OAVlarda tahlil yetishmayotganiga ham e’tibor qaratdi.

OAV fuqaro shaxsiy suratidan qanday hollarda ruxsatsiz foydalanishi mumkin?

"Men har doim tahlil tarafdoriman. Nega deganda, har qanday muammo paydo bo‘lishida, albatta, qandaydir obyektiv va subyektiv sabablar bo‘ladi. Bu ma’lum miqdorda tegishli dasturlar - rivojlanish dasturi yoki ekspertlar sarhisobidagi noaniqlik yoki moliyaviy masala tufaylimi bularni ochiq-oydin muhokama qilishimiz kerak. Bir tomondan hissiyotga berilib, "mana shu masala hal bo‘lmadi, tezda hal qilib beringlar", desak rahbarlarga, ular hisob-kitob qilmay, xalqqa yaxshi ko‘rinish uchun populistik va’dalarni berib yuboradi. Xalqqa har qanday tashkilot o‘zidagi muammolarini ochiq-oydin ko‘rsatib berishi kerak. Agar bugun imkoniyat yo‘q bo‘lsa, unda ochig‘ini aytishi kerak: "zaxiralarimiz miqdori faloncha, masalaning yechimini mana shunday yechamiz", deya". Shuningdek, Xodjayev bugungi kunda rahbarlar turli olib qochishlar bilan vaziyatni tinchlantirmasliklari kerak, deya qo‘shimcha qiladi.