O‘zbekistonliklar Turkiyadagi yangi cheklovlar haqida ogohlantirildi

Turkiyada koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar joriy etilmoqda. TIV O‘zbekiston fuqarolariga ogohlantirish bilan chiqdi.
Sputnik

TOShKENT, 1 dek — Sputnik. COVID-19 pandemiyasi sababli Turkiyada bo‘lib turgan yoki ushbu mamlakatga safar qilishni rejalashtirayotgan vatandoshlar ogohlantirildi.

TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Turkiyada koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar joriy etilmoqda.
Xususan, 2020-yil 1-dekabrdan boshlab Turkiyada quyidagi yangi cheklov choralari joriy etishga qaror qilindi:

- Ish kunlari komendantlik soati mavjud. Kechki 21:00 dan ertalab 05:00 gacha ko‘chaga chiqishga ruxsat berilmaydi.

- juma kuni kechqurun soat 21:00 dan boshlab dam olish kunlari davomida va dushanba kuni soat 05:00 gacha uydan tashqarida bo‘lish mumkin emas.

- Janoza va to‘y marosimlarida o‘rtacha 30 kishi qatnashishi mumkin.

- Barcha davlat idoralari ish kunlari faqat soat 10:00 dan 16:00 gacha faoliyat ko‘rsatadi.

- 65 yoshdan oshgan va 20 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar jamoat transportidan foydalanishi ta’qiqlanadi. Ular juma kunidan tashqari, ish kunlari soat 10:00 dan 13:00 gacha ko‘chada bo‘lishi mumkin. Juma namoziga tashrif buyurishga ruxsat beriladi. Ish kunlari komendantlik soatidan tashqari vaqtda bolalar va pensionerlar shahar atrofida 05:00dan 21:00gacha shaxsiy transportda harakat qilishi mumkin.

- Uyda mehmon kutish, turli marosim, ziyofat, bayram tadbirlari, shu jumladan Yangi yil bayramini o‘tkazish taqiqlanadi.

- Oziq-ovqat, go‘sht do‘konlari, meva-sabzavot shoxobchalari va boshqa yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan tizimlar dam olish kunlari ham faoliyat yuritishi mumkin.

Dunyo COVID-19 pandemiyasi ustidan qachon g‘alaba qozonadi - SSV rahbari fikri

- Kinoteatrlar faoliyati yil oxirigacha cheklanadi. Saunalar, hammomlar va ko‘ngilochar bog‘lar yopiladi.

- Bolalar maydonchalari va sport maydonchalaridan foydalanish taqiqlanadi. Mamlakatdagi barcha sport tadbirlari tomoshabinlarsiz davom ettiriladi.

- Barcha bolalar bog‘chalari, tayyorgarlik sinflari va boshqa bolalar ta’lim muassasalari faoliyati to‘xtatiladi. Maktab o‘quvchilari va talabalar uchun masofaviy o‘qitish 2020-yil oxirigacha uzaytirilmoqda.

- Kasalxonalar, o‘t o‘chiruvchilar xizmati, politsiya va dorixonalar har kuni cheklovsiz ishlaydi.

- Uyga yetkazib berish shoxobchalari, kafelar va restoranlar ham komendantlik soati vaqtida ishlashni davom ettiradi.

- Agar biror kishining qo‘lida samolyot yoki poyezd chiptasi bo‘lsa, u aeroportga yoki temir yo‘l stansiyasiga borish uchun shaxsiy yoki jamoat transportidan foydalanishi mumkin.

- Jamoat transportidan foydalanish, savdo markaziga, kasalxonaga, davlat idoralariga kirish uchun HES kodi kerak bo‘ladi. Bu Turkiya fuqarolariga ham, yashash huquqiga ega bo‘lganlarga ham tegishli.

- Tibbiy maskalarni doimiy ravishda ta’qish rejimi, shuningdek, ijtimoiy masofa va virusga qarshi gigiyena qoidalari hamda qo‘chada sigaret chekish bilan bog‘liq taqiqlash o‘z kuchida qoldi.

“Mamlakatda yuzaga kelgan og‘ir epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda O‘zbekiston elchixonasining konsullik bo‘limi va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hujjatlarni jumladan elektron pochtalar orqali qabul qilishni (Elchixona konsullik bo‘limi – uzconsul.ankara@gmail.com, Bosh konsulxona – uzbekconsul@yahoo.com), elektron pochtalar vositasida konsultativ yordam ko‘rsatishni boshladi”, - deyilgan xabarda.

Mamlakat elchixonasi Turkiyada vaqtincha yoki doimiy yashayotgan, o‘qiyotgan, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoki ushbu mamlakatga safar qilishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ushbu cheklov choralarini hisobga olishni, o‘z sog‘ligini himoya qilish choralarini ko‘rishni, rasmiy hokimiyat organlarining barcha talablariga qat’iy rioya qilishga chaqiradi.