TOShKENT, 1 dek — Sputnik. “Quvasoysement” va “Ohangaronsement” kompaniyalari gaz bosimining pasayishi sabab sement ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Bu haqda Mopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, gaz bosimining pasayishiga havo haroratining keskin pasayishi va aholining gazga bo‘lgan ehtiyojining oshishi sabab bo‘lgan. Buning oqibatida esa “Quvasoysement” AJ va “Ohangaronsement” AJ tomonidan sement ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan. Shu boisdan ikkala ishlab chiqaruvchining sement mahsuloti o‘tgan haftada fond birja ro‘yxatiga olinmagan.
Xabarda yozilishicha, bo‘lib o‘tgan savdolarning o‘rtacha kunlik hajmi 30 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, bu avvalgi savdolar nisbatan 46 ming tonnani belgilagan bo‘lib, bu foiz ko‘rsatkichida 34 % kamayganligini ko‘rsatmoqda.
Sotilgan sement hajmi 141 ming 919 tonnani tashkil etgan bo‘lib, bu avvalgi kim oshdi savdosida sotilgan sement hajmidan 68 ming 456 ming tonnaga kamdir.
Savdo hajmining ham pasayishi, uning narxining oshishiga olib kelgan. Hafta boshida 1 kg sement 512 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, hafta oxirida u 539,1 so‘mgacha (yoki 5% ga) ko‘tarilgan.
“Mazkur holat savdo ishtirokchilarning kamayishiga ham o‘z ta’sirini ayamadi: ya’ni ular 1054 dan 817 nafarga kamaygan bo‘lsa, xaridorlar ham 556 nafardan 373 nafargacha kamayganini kuzatish mumkin”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzakov eksportchi korxonalarga gaz va elektr energiyasi uzluksiz yetkazilishi bo‘yicha topshiriq bergani xabar qilingan edi.