TOShKENT, 30 noya — Sputnik. Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi uyda gaz portlashi oqibatida ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar qilishicha, 30 noyabr kuni soat 7:42 tumandagi Istiqlol ko‘chasi, “Qirariq” MFY da joylashgan uylardan birida gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida yong‘in kelib chiqgan.
Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, chaqnash natijasida uyning bir qismi qulab tushgan va xonadon sohiblari vayronalar ostida qolgan. Turar-joyning zarar yetgan qismidan 1984 y.t. I.S., 1987-yilda tug‘ilgan I.N., 2006-yilda tug‘ilgan I.R. va 2009-yilda tug‘ilgan I.S. olib chiqilib, tibbiyot muassasasiga yuborilgan.
“Chaqnash oqibatida 1984 y.t. I.S., 2006-yilda tug‘ilgan I.R. vafot etgan bo‘lib, 1987-yilda tug‘ilgan I.N. va 2009-yilda tug‘ilgan I.S. turli darajada tan jarohatlari olgan”, - deyilgan xabarda.
Chaqnashning asosiy sababi sifatida tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining buzilishi taxmin qilinmoqda.
Toshkent viloyati hokimligi, viloyat IIB, FVB, SSB va tegishli idoralarning kuch va vositalarini jalb qilingan bo‘lib, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
FVV gaz va isitish moslamalaridan foydalanish qoidalariga rioya qilishni so‘ragan.