Jasur Yaxshiboyev jamoasi bilan Belarus chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi

Jasur Yaxshiboyev Belarus chempionatidagi ilk mavsumida oltin medalni qo‘lga kiritdi. U jamoasi bilan kelasi mavsumda YeChLda ishtirok etadi.
Sputnik

TOShKENT, 29 noya — Sputnik. Belarus Oliy ligasida so‘nggi, 30-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonlik futbolchi Jasur Yaxshiboyev to‘p surayotgan “Shaxtor Soligorsk” jamoasi o‘z maydonida “Minsk” klubini qabul qildi.

Uchrashuvni asosiy tarkibda boshlagan o‘zbekistonlik yarim himoyachi Jasurbek Yaxshiboyev shu kuni ham jamoasi tarkibida faol to‘p surdi. “Shaxtor” “Minsk” jamoasi ustidan 4:2 hisobida ustun keldi.

​Shu tariqa “Shaxtor” ochkolarini 59 taga yetkazib olgan holda BATEni (58) bir ochkoga ortda qoldirib, chempionga aylandi. Qayd etish joizki, klub so‘nggi marta bundan 15-yil ilgari chempion bo‘lgan edi.

Jasur Yaxshiboyev jamoasi kelasi mavsumda Yevropa Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Jasur Yaxshiboyev esa Belarus chempionatidagi ilk mavsumida oltin medalni qo‘lga kiritdi va to‘purarlar poygasida 16 ta gol bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.