“Toshshahartransxizmat” to‘liq transformatsiya qilinadi - prezident

“Toshshahartransxizmat” jamiyatini to‘liq transformatsiya qilinadi, Transport universiteti faoliyati takomillashtiriladi.
Sputnik

TOShKENT, 24 noya - Sputnik. Toshkent va Samarqandda jamoat transporti faoliyati optimallashtiriladi. Bu haqida prezident huzurida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum bo‘ldi.

“Toshshahartransxizmat” faoliyatiga nazar

Majlisda, Shavkat Mirziyoyev tomonidan aholi yo‘lovchi tashish xizmatlaridan mutlaqo norozi ekani qayd etildi. Xususan 79 ta yo‘nalishdagi avtobuslar intervali tig‘iz paytlarda 30 minutgacha kechikmoqda, odamlar boshqa transport vositalaridan foydalanishni afzal bilmoqda. Bugungi kunda shahar jamoat transportida bor-yo‘g‘i 33 % yo‘lovchi yurmoqda, rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 60-70 %ni tashkil etadi. 

Shu bois, jamoat transporti tizimida yangi boshqaruv uslubini joriy etish, metropoliten, avtosaroylar va yo‘nalishli taksi korxonalarini bir-biriga bog‘lash, axborot texnologiyalari asosida ularning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash kerakligini ta’kidlandi.

Xususan, Toshkent metropoliteni va “Toshshahartransxizmat” AJ buyurtmachi va nazorat funksiyalari shahar transport boshqarmasiga o‘tkaziladi. Moliyalashtirish ham boshqarma tomonidan amalga oshirilib, transport korxonalariga haqiqiy bajarilgan ish hajmi, bosib o‘tilgan masofaga qarab mablag‘ ajratiladi, - deyilgan xabarda. 

Shuningdek, “Toshshahartransxizmat” jamiyatini to‘liq transformatsiya qilish, Transport universiteti faoliyatini takomillashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Toshshahartransxizmat” - boshqaruv tizimi qayta tashkil etilmoqda

Undan tashqari, tirbandlik kuzatilayotgan ko‘p qatorli yo‘llarning bir qismini jamoat transporti uchun ajratish, markaziy ko‘chalarda parkomatlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, piyodalar va velosipedlar yo‘lakchalarini ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.   

Toshkentdagi tajriba asosida boshqa shaharlarda ham yo‘l-transport tizimini qayta ko‘rib chiqib, markaziy ko‘chalarni namunaviy tarzda o‘zgartirish, xususan, Samarqandda jamoat transportini optimallashtirish, aholi va turistlar uchun qulay sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.