Qoraqalpoq asirasi: Qonliko‘lda 24 yoshli ayol oila qurish maqsadida o‘g‘irlandi

O‘g‘rilar ayolning orqasidan borib unga kuch ishlatib, majburan "Nexia-2" avtomashinasiga mindirib, Qonliko‘l tumani Bo‘ston OFYda joylashgan uyiga olib borishigan.
Sputnik

TOShKENT, 30 - Sputnik. Nikohga kirish uchun majburan o‘g‘irlangan ayol IIBga murojaat qildi, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Irkutskda o‘zbekistonlikni o‘g‘irlab ketib, uni evaziga mashina va 50 ta qo‘y talab qilishdi

Hodisa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanida 13-oktabr kuni sodir bo‘lgan.

Kechga tomon 30 yoshli D.E., tanishlari 29 yoshli R.J. va 30 yoshli P.B.lar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, 24 yoshli ayol - G.S.ni uning erkiga xilof ravishda o‘g‘irlab ketishgan.

O‘g‘rilar ayolning orqasidan borib unga kuch ishlatib, majburan "Nexia-2" avtomashinasiga mindirib, Qonliko‘l tumani Bo‘ston OFYda joylashgan uyiga olib borishigan.

O‘g‘irlashdan maqsad G.S.,ni D.E., bilan nikohlash bo‘lgan.

Holat yuzasidan G.S., tuman IIB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilgan. Hodisa joyiga tergov-tezkor guruhi xodimlari chiqib ko‘zdan kechirish va boshqa tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazishgan. D.E.,ning nomida bo‘lgan “Nexia-2” rusumli avtomashina daliliy ashyo tariqasida olinib, tegishli tartibda muhrlangan.

Mazkur holat yuzasidan Qanliko‘l tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 136-moddasi 1-qismi (Ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib bormoqda.