TOShKENT, 28 okt — Sputnik. Qirg‘izistonda "Umut" jamoat-siyosiy harakati tashkil qilindi. Uning tarkibidan: "Meken intimagi", "Islohot", "Bүtүn Qirg‘iziston", "Zamondosh", "Sotsial-demokratlar" partiyalari, "Qirg‘iziston yoshlari" siyosiy tashkiloti, "Kalis" harakati va yoshlar harakati rahbari Chingiz Makeshov o‘rin oldi. Bu haqda "Meken intimagi" yetakchisi Temirbek Asanbekov xabar bergan.
Yangi harakat "hukumatning alohida siyosiy guruhlar va shaxslar tomonidan uzurpatsiya qilinishi tendensiyalari" yuzasidan tashvish bildirishgan.
Sputnik Qirg‘iziston nashrining yozishicha, partiyalar rezolyutsiya qabul qilib, prezident v.b. Sadir Japarov va Jogorku Kenesh deputatlariga quyidagi talablarni ilgari surishgan:
2020 yilning 20-dekabriga qadar parlament saylovlari haqqoniy va erkin o‘tishini ta’minlash;
Prezident v.b Sadir Japarovga — saylovda ishtirok etish uchun garov pasaytirilishi, saylovda ishtirok etish bo‘yicha cheklovlar hamda №2 raqamli forma o‘zgarishini nazarda tutuvchi "QR prezidenti saylovlari va QR Jogorku Kenesh deputatlari saylovlari to‘g‘risida Konstitutsiyaviy qonunlarga o‘zgartishlar kiritish";
2020 yil 4-oktabrda saylovoldi davri va saylov kuni harakat qilgan Bosh prokuratura, IIV va GNKB rahbarlarini qonunbuzarliklarning oldini olishda ogohlantirish singari choralarni qo‘llamaganligi, harakatsizligi hamda sotilish va ma’muriy resurslardan foydalanish singari qonunbuzarlik holatlari uchun javobgarlikka tortish;
QR MSQ amaldorlariga nisbatan noqonuniy bosim va tahdidlarni to‘xtatish;
Jogorku Kenesh konstitutsiyada belgilangan besh yillik muddat o‘tganligi bois tarqatilishi lozim;
MSQ 4-oktabrdagi saylovlarda ishtirok etgan partiyalarga saylov garovini qaytarishi kerak;
Hukumat muloqotga borishi lozim, aks holda yangi siyosiy blok "qonun himoyasi" uchun mitingga chiqishi mumkin, deb ta’kidlagan Asanbekov.