Bosh prokuratura nafsi hakalak otgan dorifurushlarni fosh etmoqda

Pandemiya vaqtida dori vositalari narxini oshirib sotayotgan dorifurushlar fuqarolar tomonidan berilgan ma’lumotlar asosida qo‘lga tushmoqda
Sputnik

TOShKENT, 27 okt - Sputnik. Prokuratura organlari hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan moddiy boylik orttirish maqsadida jinoyatga qo‘l shaxslarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yilmoqda, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

SSV COVID-19 ga qarshi qo‘llanayotgan dorilarning nojo‘ya ta’sirlaridan ogohlantirdi

Xususan, Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan fuqaro M.Patidinovaning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro A.Xaydarov boshqalar bilan til biriktirib, dori vositalarini narxlarini sun’iy ravishda oshirib, Patidinovaga hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan "Propinem 100 mg" dori vositasini har bir donasini 90 ming so‘mdan 500 donasini jami 45 mln so‘mga, "Meropenem 1ml flakonda" dori vositasini har bir donasini 50 ming so‘mdan 1000 donasini jami 50 mln. so‘mga va "Bitsiklol 25 mg" har bir qutisini 265 ming so‘mdan 300 qutisini jami 79,5 mln. so‘mga, hammasi bo‘lib 3 hil turdagi dori vositalarini 174,5 mln. so‘mga sotishga kelishib, undan 13 550 AQSh dollari va 34,9 mln. so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek Departamentning Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda fuqaro A. Yuldashev, ariza muallifi S.Xasanovga "Indvir" 100 ml nomli dori vositasini har bir qutisini 100 AQSh dollaridan hisoblab, 100 quti "Indvir" 100 ml nomli dori vositasini jami 10 000 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan va tadbirda fuqaro A.Yuldashevdan jami 108 quti 74,2 mln. so‘mlik "Indvir" dorisi ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yilgan.

Tanqis dorilar narxi meyoridan ortiq oshirilgani aniqlandi

Bundan tashqari, Departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi fuqaro M.Akbarxodjayevaning murojaatiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F.Abirov, Q.Norboyev va B.Do‘smuxamedovlar "Koronavirus" pandemiyasi tufayli aholi tomonidan iste’mol talabi yuqori bo‘lgan xorijda ishlab chiqarilgan 85 quti "Remdesevir 100 mg" dori vositasining har bir qutisini 750 ming so‘mdan hisoblab, jami 6.200 AQSh dollariga fuqaro M.Akbarxodjayevaga dorixonadan tashqarida qonunga xilof ravishda sotishgan vaqtda ushlanib, ulardan 85 quti "Remdesevir 100 mg" dori vositasi, bundan tashqari, B.Do‘smuxamedovning boshqaruvidagi Lasetti avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda, avtomashinaning salonidan 135 quti "Remdesevir 100 mg" dori vositasi, jami taxminiy qiymati 165 mln so‘mlik 220 quti "Remdesevir 100 mg" dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.