Erdog‘an Yevropaning kuni bitishini bashorat qildi

Turkiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa islomofobiyadan tezroq xalos bo‘lishi lozim. Aks holda bu uning yemirilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Yevropa “musulmonlarga qarshi front ochib”, o‘z kunining yakunlanishiga tayyorgarlikni boshlaganini ma’lum qildi.

Erdog‘an Makronni “ma’rifatli islom” g‘oyasi uchun qoraladi

“Yevropa aslida musulmonlarga qarshi o‘zining fronti bilan o‘z yakunini hozirlamoqda. Agar Yevropa davlatlari siyosiy va iqtisodiy jihatdan qayta qurilgan global tizimdagi mavqelarini saqlamoqchi bo‘lsalar, ular o‘z tanalarida ushbu islomofobiya kasalligidan xalos bo‘lishlari kerak. Aks holda, ushbu kasallik butun Yevropani Fransiyadan Germaniyaga qadar yemiradi”, - dedi Erdog‘an. Uning so‘zlaridan Sputnik Turkiya iqtibos keltirgan.

U Germaniya huquqni muhofaza qilish organlarining Berlindagi Mavlono masjidida o‘tkazgan amaliyotiga shunday izoh bergan. Turkiya yetakchisi “Yevropa fashizmi” yangi bosqichga chiqayotganligini ta’kidlagan.

Avvalroq OAVlar 21-oktabr kuni Berlindagi Mavlono masjidida reyd o‘tkazilganini xabar qilgan edi. Germaniya politsiyachilar bomdod namozi vaqtida masjidga bostirib kirgan va firibgarlik ishi bo‘yicha tintuv o‘tkazgan. Niqobda bo‘lgan 150 ga yaqin politsiyachi poyabzallari bilan joynamozlar ustidan yurishgan. Politsiya masjid koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqiroz sabab 70 ming yevro subsidiyani noqonuniy o‘zlashtirgan deb hisoblamoqda.