O‘zbekiston energetika sohasiga eng ilg‘or tajribalar joriy etiladi - Alisher Sultonov

O‘zbekiston energetika sohasi uch bosqichda isloh etiladi. Sohada raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, inson kapitaliga va "yashil" energiya ishlab chiqarishga qaratilgan chora-tadbirlar ham belgilab olinmoqda, deya qayd etdi Energetika vaziri Alisher Sultonov
Sputnik

TOShKENT, 23 okt - Sputnik. O‘zbekiston energetika sektorida eng yaxshi, zamonaviy va ilg‘or tajribalarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda mamlakat energetika sektorini yanada isloh qilishga bag‘ishlangan davra suhbati davomida Energetika vaziri Alisher Sultonov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

MO davlatlari suv-energetika muammosini qanday hal qilishi mumkin - Migranyan

Sultonovning aytishicha, O‘zbekiston energetika sektorida muammolarni aniqlash va islohotlarni rejalashtirish jarayonida Xalqaro moliya institutlari ekspertlari va obro‘li xalqaro konsalting tashkilotlari salmoqli hissa qo‘shib kelmoqdalar.

Xususan, joriy yil boshidan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining bevosita ko‘magi ostida, xalqaro ekspertlar va maslahatchilar yordami bilan biznes yuritishning xalqaro amaliyotini joriy etgan holda elektr energiyasi va neft-gaz tarmoqlarini yanada isloh qilish bo‘yicha tavsiyalar, va bu tavsiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha aniq ishlar rejasi tayyorlangan.

O‘zbekiston va Afg‘oniston elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha bitim imzoladi

"Belgilab olingan islohotlardan pirovard maqsadimiz - elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’molchilarga kafolatli yetkazib berish, energetika sektori korxonalarining iqtisodiy barqarorligini va raqobatbardoshligini ta’minlash, alternativ yoqilg‘i turlariga o‘tishni joriy etish, elektr energiyasi va tabiiy gaz ishlab chiqarishda va iste’molida energiya tejamkorligini ta’minlashdan iborat", - dedi Alisher Sultonov.

Vazir ta’kidiga ko‘ra, belgilab olingan ishlarning huquqiy asosini ta’minlash maqsadida, birinchi navbatda, normativ-huquqiy islohotlar, korxonalar moliyaviy barqarorligini ta’minlash uchun bir qator moliyaviy islohotlar, narxlarning erkin shakllanishini va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni ta’minlovchi bozor islohotlari, tarmoq korxonalarini boshqarishda butunlay yangi tizimni nazarda tutuvchi institutsional va boshqaruv islohotlari, davlat ulushi yuqori bo‘lgan korxonalarda, eng avvalo, tashkilot manfaatini nazarda tutuvchi qarorlarning qabul qilinishi ta’minlovchi korporativ tashkiliy va boshqaruv islohotlari amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, sohada raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, inson kapitaliga va «yashil” energiya ishlab chiqarishga qaratilgan chora-tadbirlar ham belgilab olinmoqda.