TOShKENT, 21 okt — Sputnik. Kobul shahrida O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakovning Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, mintaqaviy va madaniy-gumanitar sohalarida hamkorlik qilish masalalarining keng doirasi muhokama qilindi.
Tomonlar investitsiyalar, savdo, energetika, transport va infratuzilmani rivojlantirish sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini rivojlantirishga mo‘ljallangan amaliy hamkorlikka o‘zaro tayyorligini bildirdi.
Ashraf G‘ani transport yo‘laklarini rivojlantirish sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini jalb etish maqsadida xalqaro moliya institutlari, xususan, AQShning Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Uchrashuv yakunida siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy, energetika, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish maqsadida har ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.