TOShKENT, 20 okt - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Kennet Makkenzini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot-xizmati xabar bermoqda.
"Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-AQSh munosabatlari va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi. Xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar hamda global xatarlarga qarshi kurashish mavzulariga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnik hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi", - deyiladi xabarda.
Shuningdek, suhbat davomida Afg‘onistonda tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash hamda ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishiga amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan fikr almashilgan.
General Makkenzi O‘zbekiston prezidentiga uchrashuv uchun samimiy minnatdorlik bildirib, AQSh mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirish borasida qat’iy ekanini ta’kidlagan.