TOShKENT, 15 okt - Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari aholi tomonidan eng ko‘p iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlaridan qo‘shilgan qiymat solig‘ini vaqtincha olib tashlash tashabbusi bilan chiqishdi
Taklif qilinayotgan Soliq kodeksi loyihasida 2021 yil 1-yanvargacha O‘zbekiston Respublikasiga shakar, shu jumladan shakar xom ashyosini, 2021-yil 1-iyulga qadar bo‘lgan davrda esa kartoshka, o‘simlik yog‘i, go‘sht, chorva mollarini tirik holda va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni olib kirish, shuningdek ularni realizatsiya qilish aylanmalari - qo‘shilgan qiymat solig‘idan vaqtinchalik ozod qilish ko‘zda tutilgan.
Ushbu chora pandemiya oqibatida sodir bo‘lgan iqtisodiy qiynchiliklar va oziq-ovqat narxlari oshishini oldini olishi kerak.
Deputatlar takliflari Parlamentning Qonunchilik palatasi majlisida 14 oktabr kuni qizg‘in muhokama qilindi.
Deputatlarining ta’kidlashicha, mazkur qonunning qabul qilinishi kuz-qish mavsumida kartoshka mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, mol, qo‘y va parranda go‘shti taqchilligining oldini olishga, o‘z navbatida ushbu davrda mahsulotlar narxining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
ma’lumot uchun, O‘zbekiston bozorida oktabr oyidan shakar, go‘sht, o‘simlik yog‘i va kartoshka kabi qator mahsulotlarning narxlari ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Bu holat avvalo ushbu mahsulotlarni O‘zbekistonga eksport qilayotgan davlatlarda narxlar ko‘tarilayotgani bilan izohlanmoqda.