Bog‘chalarga elektron navbat qayta ishga tushirildi

15 oktabrdan davlat bog‘chalarga qabul uchun talabnomalarni elektron tarzda yuborish tizimi qayta ishga tushadi
Sputnik

TOShKENT, 15 okt — Sputnik. 2020-yilning 15-oktabridan e’tiboran davlat bog‘chalarga qabul uchun talabnomalarni elektron tarzda yuborish tizimi qayta ishga tushadi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Tizimga kelib tushgan  yo‘llanmalarga elektron generatsiya yordamida ishlov berilganidan so‘ng, qo‘yidagilarni bajarish lozim:

  • Davlat xizmatlari markazi (“Yagona darcha”) da yo‘llanmani olish. Talabnomani my.gov.uz portali orqali yuborgan ota-onalar Davlat xizmatlari markaziga borib o‘tirmay, yo‘llanmani printer orqali bosib chiqarishlari mumkin;
  • yo‘llanmani 15 kun davomida MTTga taqdim etib, bola qabulini rasmiylashtirishlari talab etiladi. Belgilangan 15 kun o‘tgach, yo‘llanma muddati bekor qilinadi;
  • agar MTTdagi mo‘ljallangan guruh hali ochilmagan bo‘lsa, yoki epidemiologik vaziyat tufayli ota-onalarning istagi bilan bola uyda qoldirilsa, u holda ota-onalar bolani masofaviy o‘qitishga o‘tkazilishiga oid yozma ravishda xabarnoma taqdim etishlari kerak bo‘ladi (maktabgacha yoshdagi bolalar uchun qiziqarli o‘quv jarayonlari Bolajon kanalida efirga uzatiladi). Bolaning o‘rni saqlanadi, to‘lov olinmaydi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyidan tayyorlov (6-7 yoshdagi bolalar), yuqori (5-6 yoshdagi bolalar) guruhlar, 12-oktabrdan esa – o‘rta (4-5 yoshdagi bolalar) guruhlar o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, noyabr oyi boshidan kichik (3-4 yoshdagi bolalar) guruhlarga bolalarni qabul qilish boshlanadi.

Davlat MTTlar ishini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish uchun mahalliy deputatlar Kengashining va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining ruxsatlari talab etiladi.