O‘zbekistonlik Rossiyadagi eng serdaromad tiktoker deb topildi

“Forbes” jurnali o‘zbekistonlik Rahim Abramovni Rossiyaning eng serdaromad tiktokeri deb topdi. U bir yilda 10 mln rubl daromad olgan.
Sputnik

TOShKENT, 12 okt — Sputnik. “Forbes” jurnali Rossiyadagi serdaromad tiktokchilar reytingini tuzdi.

Birinchi o‘ringa o‘zbekistonlik 22 yoshli Rahim Abramov loyiq deb topildi. U 9,5 million nafar obunachiga ega. O‘tgan yilda uning TikTok’dan olgan daromadi 10,47 mln rublni tashkil qilgan.

Nashrning ozishicha, Rahim Abramov O‘zbekistonda tug‘ilgan, 16 yoshida sport maktabida o‘qish uchun Chitaga ko‘chib kelgan. U yerda kompyuterlarga dastur o‘rnatib pul topgan. Texnikumga o‘qishga qabul qilinmaganldan keyin ishlab topgan pullarini sarflab, Moskvaga kelgan. Poytaxtga kelgan paytida yonida 10 ming rubl puli bo‘lgan, xolos.

Tramp TikTok’ga qarshi urush boshladi

Abramov do‘sti bilan pul ishlash uchun qisqa videolavhalar — vaynlar olishni boshlab, Instagram’dagi loyihaga “Ne majori” deb nom bergan va bir yil ichida 300 mingga yaqin obunachi to‘plagan. Ammo o‘zining dastlabki kattaroq pulini uch yil avval o‘zi mustaqil ravishda video suratga olishni boshlaganda ishlab topgan. Birinchi oyda 100 ming rubl ishlagan. Keyinroq 200 ming rubl yig‘gan va bor puliga kamera sotib olgan.

“Avvallari Instagram’dagi post narxi 600-700 ming rubl atrofida edi. Hozir men faqat shartnomalar asosida yirik loyihalar qilaman, chunki men endi artistman”, — degan u “Forbes Digest”ga bergan intervyusida.

Reytingning ikkinchi pog‘onasini tojikistonlik 21 yoshli Dina Sayeva (Madina Basayeva) egalladi. Uni 16,4 million nafar obunachi kuzatib boradi. Yillik daromadi 4,93 million rublni tashkil qilgan.

Uchinchi o‘rin belaruslik 23 yoshli Aleksey Savkoga nasib qilgan. U 6,5 million nafar obunachiga ega profilidan 4,81 million rubl ishlab topgan.