Toshkent viloyatida xo‘roz o‘yinini tashkil qilgan 120 nafardan ziyod shaxslar qo‘lga olindi

Ot fermasida tashkil etilgan xo‘roz o‘yinlarida jami 124 nafar shaxslar qo‘lga olindi. Xo‘rozlar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirildi.
Sputnik

TOShKENT, 12 okt — Sputnik. Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida tavakkalchilikka asoslangan xo‘roz o‘yinlari tashkil qilgan 120 dan ortiq shaxslarga chora ko‘rildi. Bu haqda viloyati IIBB axborot xizmati xabar qildi.

Boyovutda xo‘roz urishtirish o‘yinini tashkil etganlarga jinoiy ish ochildi

9 oktabr kuni soat taxminan 00:30 larda “O‘rtasaroy” MFY hududidagi ot fermasida karantin qoidalari qo‘pol ravishda buzilishi va noqonuniy xo‘roz o‘yini tashkil etilayotgani aniqlangan. Ichki ishlar xodimlaridan iborat maxsus guruh tuzilgan va voqea joyi tekshirilgan.

U yerda haqiqatdan ham 100 nafardan ortiq fuqarolar ishtirokida xo‘roz o‘yini tashkil etilganligi aniqlangan. Shuningdek, ferma hovlisida xizmat ko‘rsatayotgan noqonuniy savdo shoxobchasida iste’mol uchun olib kelingan mahsulotlar mutlaqo sanitariya qoidalarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.

Natijada o‘yinlarda ishtirok etayotgan jami 124 nafar shaxslar qo‘lga olingan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. O‘yin uchun olib kelingan xo‘rozlar daliliy ashyo sifatida olingan.

Bundan tashqari, ushbu shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasini qo‘pol ravishda buzganliklari uchun ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Hozirda holat yuzasidan qo‘shimcha surishtiruv olib borilmoqda.