O‘zbekiston TIV Qirg‘izistondagi voqealar yuzasidan tashvish bildirdi

O‘zbekistonda ko‘p asrlik tarixiy va qarindoshlik rishtalari, umumiy madaniy hamda ma’naviy qadriyatlar bilan mustahkam bog‘langan birodar Qirg‘iziston xalqiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan
Sputnik

TOShKENT, 7 okt - Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Qirg‘iziston Respublikasida yuzaga kelgan vaziyat va voqealar rivojidan tashvish bildirdi.

Qirg‘iziston kosasi to‘lgan kun - tartibsizliklarga nima sabab bo‘ldi

"Qirg‘iz Respublikasida yuzaga kelgan keskin vaziyat va voqealar rivoji O‘zbekiston Respublikasida jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. O‘zbekiston yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida qardosh Qirg‘izistondagi vaziyatning mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez orada barqarorlashuviga umid qiladi. O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yana-da rivojlantirish hamda mustahkamlashga qat’iy sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz", - deyiladi TIV bayonotida.

Qirg‘izistonning barqarorligi va mustahkam rivojlanishi butun Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligi va farovonligining muhim omili hisoblanadi.

"Hozirgi murakkab vaziyatda biz O‘zbekistonda ko‘p asrlik tarixiy va qarindoshlik rishtalari, umumiy madaniy hamda ma’naviy qadriyatlar bilan mustahkam bog‘langan birodar Qirg‘iziston xalqiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz", - deb qo‘shimcha qilingan xabarda.